Shavkat Mirziyoyev 11-aprel kuni ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan qonunni imzoladi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva.

“Men ushbu g‘alaba bilan faxrlanaman va unda ishtirok etgan barchadan minnatdorman! Oldinda ushbu moddalar ishlashi va jamiyat o‘zgarishi uchun qiyin va uzoq yo‘l turibdi”, — deb yozdi u Telegram kanalida.

Saida Mirziyoyeva, shuningdek, davlat organlari, fuqarolik jamiyati, faollar va ommaviy axborot vositalarini “zo‘ravonlikka qarshi kurashning yagona mexanizmiga aylanib, bu jarayonga aralashishga” chaqirdi.

“Zo‘ravonlik — jinoyat. Zo‘ravonlik bizning madaniyatimiz emas!” — deya ta’kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, 6-aprel kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati O‘zbekiston qonunchiligiga bolalar va ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytiruvchi o‘zgartishlarni ma’qullagan edi. Endi jinsiy zo‘ravonlikda ayblanganlar muddatidan ilgari ozodlikka chiqmaydi va ularning ro‘yxati tuziladi. Zo‘ravonlikka uchraganlarning yosh chegarasi bekor qilinadi. Jinoyatchining muayyan joylarga borishi taqiqlanadi.

Qonunning to‘liq matni ertaga, 12-aprel kuni “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun, o‘zgartirishlar vazirlik va idoralar, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, fuqarolik faollari, jumladan Nemolchi.uz loyihasi faollaridan iborat ishchi guruh tomonidan bir yil davomida ishlab chiqilgan.