Bugun, 10-apreldan O‘zbekistonda “Toza havo” oyligi tadbiri boshlandi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Tabiat resurslari, Ichki ishlar hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirdan maqsad — mamlakatda avtotransportlar tashlamalarini kamaytirishdan iborat.

“So‘nggi yillarda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko‘payishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa respublikada, ayniqsa, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi oshishiga xizmat qilmoqda”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Qayd etilishicha, 2022-yilda havo ifloslanishi bo‘yicha xalqaro havo indeksi reytingida Toshkent 20-o‘rinni egallagan.

Vazirlikka ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 4 mlnga yaqin avtotransport vositalari mavjud. Shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Ulardan atmosferaga bir yilda o‘rtacha 1,3 mln tonna zararli tashlamalar tashlanadi. Bu umumiy tashlamalarning 63 foizini tashkil etadi (ushbu ko‘rsatkich poytaxtda 88 foizga teng).

“Transport vositalari sonining kundan-kunga ortishi natijasida tashlamalar miqdori 2022-yilda 2021-yilga nisbatan 26 ming tonnaga ko‘paygan. Bunga foydalaniladigan yoqilg‘i turining sifati, aholining jamoat transportlaridan yetarli darajada foydalanmasdan, o‘z avtotransport vositalarida yurishlari, avtoulov egalarining o‘z avtotransportlarining texnik sozligiga yetarli darajada e’tibor qaratmasliklarini asosiy sabablar sifatida keltirish mumkin”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Ma’lum qilinishicha, “Toza havo” oyligi tadbiri davomida respublikaning barcha hududlaridagi yo‘l-patrul maskanlari, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy ko‘chalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida 79 ta yo‘l-patrul maskanlarida ko‘rik nuqtalari, shuningdek, viloyat va shaharlarning markaziy ko‘chalarida ko‘chma postlar tashkil etilib, ularga 500 nafar xodim jalb qilinadi. Oylik 10-maygacha davom etadi.