Toshkentlik erkak onasi uchun ayol shifokorlarni yuborishni so‘rab feldsherga tahdid qilgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt IIBB holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 1-aprel kuni 1990-yilda tug‘ilgan N.X. onasining salomatligi yomonlashgani sababli tez tibbiy yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, xabarni qabul qilgan dispetcher — 1998-yilda tug‘ilgan Zlata Gafurovadan faqat ayol tibbiyot xodimlarini yuborishini so‘ragan.

Dispetcher tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ichki qoidalarda bunday talab belgilanmaganini ma’lum qilib, shu vaqtda bo‘sh ayol shifokorlar brigadasi bo‘lmagani sababli birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun eng yaqin brigadani yuborgan. Fuqaro manzilga yetib borgan brigadada erkak shifokorlarni ko‘rib, ularni uyga kiritmay, norozilik bildirgan hamda telefon orqali dispetcherni haqorat qilgan.

Holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari tomonidan fuqaro N.X.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (Haqorat qilish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar yakuniy qaror qabul qilish uchun sudga yuborildi.