O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (O‘zMTRK) tarkibida prezidentning 2012-yildagi qarori bilan tashkil etilgan va 2013-yil yanvardan faoliyatini boshlagan “Madaniyat va ma’rifat” telekanali “Karvon” nomi bilan qayta tashkil etilishi kutilmoqda. Bu haqdagi prezident qarori loyihasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda O‘zMTRK tomonidan tayyorlanib, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz)ga joylashtirilgan (ammo jamoatchilik muhokamasi uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)ga chiqarilganicha yo‘q).

Qaror loyihasining tarmoqlarda e’lon qilingan skrinshotlarida “O‘zbekiston kino, teatr, musiqa, xoreografiya, sirk, tasviriy va amaliy san’at namunalarini, tashqi va ichki turizmni har tomonlama kengaytirish borasida yaratilayotgan imkoniyatlarni, bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini yuksaltirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, fuqarolar totuvligini ta’minlash, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona, teng huquqli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar jarayonini keng yoritish” eski telekanal negizida tashkil etiladigan yangi telekanalning asosiy vazifalari sifatida ko‘rsatib o‘tilganini ko‘rish mumkin.

Hujjat loyihasida ta’kidlanishicha, telekanalning shu vaqtgacha bo‘lgan moliyalashtirish va mehnatga haq to‘lash tartibi, shtat birliklarini saqlab qolinadi va Madaniyat va turizm vazirligi tizimiga o‘tkaziladi. Ushbu ehtimoliy o‘zgarishlarni nafaqat telekanal xodimlari, balki jamoatchilik vakillari ma’qullamayapti.

Jamoatchilik munosabati

Taniqli yozuvchi Nazar Eshonqulнинг ta’kidlashicha, “Madaniyat va ma’rifat” telekanalini tugatish, uni boshqa o‘zanga burishni “millat ertasini madaniyat va ma’rifatdan bebahra qilish bilan barobar xatti-harakat” deb baholash mumkin.

“Dunyo madaniyat vazirligi borligi yoki yo‘qligi bilan emas, madaniyati bor yoki yo‘qligiga qarab xalqlarni hurmat qiladi. Millat madaniyati vazirlik tasarrufidagi soha emas, balki millatning mavjudligini, qudratini, ongu idrogini namoyon qiluvchi umummilliy ma’naviy, moddiy faoliyatdir. Madaniyatsiz va ma’rifatsiz millatning ertangi kuni zulmat, jaholat, parokandalik va oxir-oqibat boshqa bir madaniyatga qullik va qaramlik bilan yakun topadi. Tarixga boqing. Shu kerakmi, sizlarga? Madaniyat vazirligi vazifalari bilan milliy madaniyatning, ma’rifatning farqiga bormas ekansiz, nima qilasiz, suvni loyqalatib, muhtaram loyiha yalovbordorlari?!”, — deydi Nazar Eshonqul.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir Nodirjon Жонuзоқнинг fikricha, nomida “madaniyat” so‘zi ishtirok etgan telekanalni yo‘qotish Madaniyat va turizm vazirligiga obro‘ olib kelmasligi mumkin.

“Ehtimol, „Madaniyat va ma’rifat“ telekanali bugungi shiddatli zamonda kimlar uchundir vazmin, hatto zerikarli tuyulayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin tafakkurning maromi shunday: u ommaning xohishiga qarab yengil-yelpi qiyofaga kirolmaydi — masxarabozlik tutumi unga yot. U xalqning o‘ynoqi mayllarini emas, qalbi va ongini nishonga oladi, millatning tiynatini poklashga, uni ma’nan yuksaltirishga harakat qiladi. Shu bois ertasini o‘ylaydigan davlatdagina mana shunday „vazmin, zerikarli“ telekanal faoliyat yuritadi. Uni ko‘rayotgan tomoshabinlarning soni emas, saviyasi muhim hisoblanadi. Unga tushayotgan reklama miqdori emas, millat xazinasiga kiritayotgan ma’naviy-ruhoniy sarmoyasi e’tiborga olinadi”, deb yozgan u.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shodmonqul Salom “Karvon” telekanali “Madaniyat va ma’rifat” telekanalini qurbon qilish evaziga tashkil etilayotganidan ajablanayotganini qayd etgan. “Agar shunday qilish lozim bo‘lsa, yangi telekanal ochish yoki madaniyatimizni yerga urishgagina va saviyasizlikka xizmat qilayotgan boshqa kanallar hisobiga buni amalga oshirish mumkin. Ha, rostdan ham shunday qilish hukumat uchun juda oson va xalq uchun foydaliroq”, — degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkil qilinganiga 10 yil to‘lgan “Madaniyat va ma’rifat” telekanali odamlarning did va saviyasini ko‘tarishdek muhim vazifani o‘z yelkasiga olib, buni sobitlik bilan ado etib kelmoqda.

“Biz nimani istayapmiz o‘zi? Bizga milliylik, o‘zlikni anglash uchun tarix, adabiyot kerak bo‘lmasa, nima kerak? Nima bizni asrab qoladi? Faqat shou-biznes bilan ehtiyojlar qondirilmasligini, aksincha hozirgi paytda odamlarimizning fe’l-atvoridagi o‘zgarishlarga telekanallar ham katta hissa qo‘shayotganini nahotki tushunish qiyin. Shunday ekan, xalqqa xizmat qilib turgan, millionlab tomoshabinlar dasturlarini intiq bo‘lib kutadigan „Madaniyat va ma’rifat“ telekanaliga daxl qilish o‘zimizga — yoshlarimiz kelajagiga dushmanlik bo‘ladi. Buni tushunish kerak”, — degan Shodmonqul Salom.

San’atshunos jurnalist Iqbol Qo‘shshayevaнинг so‘zlariga ko‘ra, “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining yo‘q qilinishi oqibatida “milliy ko‘rgulik ma’naviy kulfatga aylanadi”.

“Tushunaman, ayiqning o‘limi katta vahshiylik, uch bola va onaning halokati cheksiz fojia, Xorazm voqealari sharmusorlik. Biroq shunday hikmat bor: „Bugun kitobga o‘t yoqqan millat — ertaga odamlarni tiriklayin yoqib yuboradi“. Fikr minbari, asl san’at asarlarining maydoni „Madaniyat va ma’rifat“ telekanalining yo‘q qilinishi odamlarni yoqadigan, qadriyatlarni, aql-tafakkurni kulga aylantiradigan gulxanga hozirlik ko‘rish degani. Bu milliy ko‘rgulik ma’naviy kulfatga aylanadi!”, — deb yozadi jurnalist.

Uning ta’kidlashicha, yangi telekanalni tashki etish to‘g‘risidagi qaror loyihasida “adabiyot, tasviriy san’at, ma’naviyat, milliy hunarmandchilik, ilm-fan va ta’lim uchun tangadek joy ajratilmagan”. “Holbuki, Abdulhamid Cho‘lpon „Adabiyot yashasa-millat yashaydi“ deb aytib ketgan edi”, — deya qo‘shimcha qiladi Iqbol Qo‘shshayeva.

Jurnalist Aziza Qurbonova “Karvon” telekanali konsepsiyasidagi vazifa va yo‘nalishlarni bugungi kunda “Madaniyat va ma’rifat”, “O‘zbekiston tarixi” va hatto “Navo” telekanallari ham bajarib kelayotganini ta’kidlarkan, davlat telekanallarining isloh qilish va yangi telekanallarni ochish jarayoni borini yo‘q qilish evaziga bo‘lishi kerak emasligini qayd etib o‘tgan.

“Optimallashayotgandir desam, „Karvon“ telekanali konsepsiyasida aynan „adabiyot“ degan joyi yo‘q. Ammo qolgan hamma narsa bor: kino, teatr, musiqa, xoreografiya, sirk, tasviriy va amaliy san’at, tashqi va ichki turizmni targ‘ib qilish. Adabiyotni-chi? Adabiy jarayonni kim targ‘ib qiladi? Efir ko‘rib, ruh ma’naviy ozuqa olsa bo‘ladigan telekanallar bir hovuchgina, yaxshigina auditoriyasi bor „Dunyo bo‘ylab“ rus tilida efir uzatadigan bo‘ldi, endi bu kanalni ham Madaniyat va turizm vazirligiga berilishida mantiq ko‘rmadim”, — deb yozgan jurnalist hujjat loyihasi qayta ko‘rilishi kerakligini ta’kidlagan.

Bloger Shahnoza Soatova hamkasbi Aziza Qurbonovaning fikrlarini qo‘llab-quvvatlarkan, shunday deydi: “Adabiyotdan qo‘rqishyaptimi? Tirik adabiyot qilgan ishni tirik kino, tirik teatr, tirik musiqa ham qila oladi. Qila boshlashi mumkin ham. Shunda umuman madaniyat mavzusini olib tashlasharmikan konsepsiyalaridan? Mazmun yo‘qoladi (hozir ham u ko‘p emas o‘zi). Bu xatoni qilmaslikka aql yetadi deb umid qilaman — men shunaqa optimistman, ha!”.

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev ham holat yuzasidan munosabat bildirdi.

“Xalqimizga “Madaniyat va ma’rifat” telekanali kerak. Bu boradagi qaror loyihasi keng jamoatchilik, ziyolilar tomonidan tanqidga uchradi. Men ham bir ziyoli, o‘zbek xalqining oddiy bir vakili sifatida ruhoniyatimizni to‘yintirib turgan telekanalning “yopilishi”ga qat’iyan qarshiman. Eng chatoq tomoni, “har bir vazirlikka — bittadan telekanal” degan tamoyilni o‘ylab topmanglar, baraka topgurlar”, — deydi Tojiyev.

Telekanal rahbariyati

“Madaniyat va ma’rifat” telekanali direktori Vohid Luqmonov mazkur hujjat loyihasi ishlab chiqilayotganidan avvaldan xabardor bo‘lganini ma’lum qildi.

“Telekanal faoliyatini har tomonlama (g‘oyaviy-badiiy, moliyaviy-iqtisodiy, texnik-texnologik jihatdan) rivojlantirish, telekanalni yanada ko‘rimli qilish bo‘yicha o‘zimizning aniq takliflarimizni bergan edik. Afsuski, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan hujjat loyihasida bizning takliflarimiz inobatga olinmagan. Bu hujjat hali loyiha. Ishonamizki, bu loyiha qizg‘in muhokama jarayonidan o‘tib, hammaning fikr-mulohazalari, taklif va g‘oyalari inobatga olingan holda, keng jamoatchilik kutayotgan qarorga aylanadi”, — deya munosabat bildirdi u.

Madaniyat va turizm vazirligi munosabati

Jamoatchilikning tanqidiy munosabatidan so‘ng madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining tugatilishi yuzasidan xavotir bildirayotgan faollarga videomurojaat qilib, ularni hamkorlikka chaqirgan.

“Ziyoli qatlamning mana shu jarayonga befarq bo‘lmaganidan juda ham xursandmiz. Men do‘stona hamkorlikka chaqirib qolaman. Bu muhokama shunchaki muhokamami yoki haqiqatda telekanalning taqdiri o‘ylantirayotgan insonlarmi? Agar telekanalning taqdiri o‘ylantirayotgan bo‘lsa, marhamat, biz bilan hamkorlikka kirishing. Biz har qanday taklif, fikr, mulohazalarni qabul qilishga, eshitishga tayyormiz. Maqsadimiz — mana shu xalqimizga ma’rifat ulashib turgan telekanalni yanada boyitib, yanada sifatliroq xizmat ko‘rsatishi tarafdorimiz”, — dedi Nazarbekov.