Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati o‘tgan 3 oyda “Tez yordam” xizmatiga mamlakat bo‘yicha jami 3 million 90 ming 479 ta chaqiriq kelib tushganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, bemorlardan 276 ming 566 nafari shifoxonalarga gospitalizatsiya qilingan. Eng ko‘p murojaatlar:

  • Farg‘ona viloyatida — 359 795 ta;
  • Andijon viloyatida — 315 941 ta;
  • Toshkent shahrida — 307 994 ta;
  • Toshkent viloyatida — 294 037 ta;
  • Namangan viloyatida — 283 665 ta qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, 2022-yil davomida tez tibbiy yordam xizmatiga jami 13 million 22 ming 162 ta chaqiriq kelib tushgan edi.

Ba’zan chaqiriq bo‘yicha ayollar emas, erkaklar kelgani yoki xizmatdan norozi bo‘lgani bois fuqarolarning tibbiy yordam xodimlariga bosim qilgani, kuch ishlatgani bilan bog‘liq holatlar uchrab turadi.

Jumladan, Toshkent tez tibbiy yordam feldsheri Zlata Gafurova chaqiriq bo‘yicha ayollar emas, erkaklar kelgani bois onasi uchun shifokorlarni chaqirgan erkak tomonidan tahdidlar bo‘lganini ma’lum qilgan. Uchastka noziri esa qarshi ariza yozgan tibbiyot xodimasi 12 mln so‘m jarimaga tortilishini aytgan.

Fevral oyida esa Sergeli tumanida tez yordam mashinasi haydovchisi kaltaklangan. Aniqlanishicha, bemorning yaqini feldsherga yaxshi qaramagani uchun kuch ishlatmoqchi, haydovchi esa uni himoya qilmoqchi bo‘lgan.