Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-oilaviy mehribonlik uyi rahbari Yulduz Xudaybergenova tarbiyalanuvchilarni fohishalik orqali pul ishlashga majbur qilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Kun.uz nashriga Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari tahsil olayotgan maktab direktori Farhod Rahmonov ma’lum qildi.

Avvalroq, rahbar qariyb bir yil davomida uch nafar voyaga yetmagan o‘quvchini viloyatning kamida ikki nafar amaldori bilan jinsiy aloqada bo‘lishga majburlagani ma’lum bo‘lgan edi. 2022-yil sentabrida Dilmurod Otamuratov raisligida Xiva tuman sudi Yulduz Xudaybergenovani 5,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan, shuningdek, viloyat adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limining sobiq rahbari Anvar Kuryazovga 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

Ikkala shaxs ham o‘zlarining aybsizligini isbotlash uchun sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bergan, biroq apellyatsiya sudi dekabr oyida sud qarorini o‘z kuchida qoldirgan. Oradan yetti oy o‘tib, jamoatchilik bundan xabar topgach, Xorazm viloyati prokuraturasi protest keltirdi, shundan so‘ng O‘zbekiston Oliy sudi apellyatsiya instansiyasi qarorini bekor qilib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun yubordi.

Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Xivadagi bolalar uyi yopilgach, u yerdagi tarbiyalanuvlar boshqa mehribonlik uylari, xususan, oilaviy bolalar uylariga taqsimlangan. Jumladan, Yulduz Xudoyberganova rahbarlik qilgan Urganch shahridagi 1-sonli mehribonlik uyida jinsiy tajovuz qurboni bo‘lgan uch nafar qizdan tashqari boshqa qiz va o‘g‘il bolalar ham tarbiyalangan, ular eng yaqin maktabga o‘qishga qabul qilingan.

bolalar uyi, хоразм ishи

Farhod Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, qizlar viloyat xalq ta’limi boshqarmasi buyrug‘i bilan ushbu maktabga kelganida, 9 yoki 11 nafar bo‘lgan.

“Taxminan bir oydan keyin [qizlar] o‘qishga kelmay qolishdi. Psixolog va boshqalarga topshiriq berdim o‘rganib chiqish haqida. Qarovchi ayolning aytishicha, kasal bo‘lgan ekan. Lekin biz shubhalandik, chunki xodimlarimiz borgan paytda kasal bo‘lgani haqida belgilar yo‘q edi”, — deydi Farhod Rahmonov.

Maktab psixologi Gulnora Tasimovaning qayd etishicha, o‘quvchi qizlar 2021-yil aprelda kelgan.

“O‘sha vaqtda eng kattasi 10-sinf edi, jami 9 nafar edi. Kelishgach, direktorimiz men bilan maslahatlashdi, alohida shug‘ullanish bo‘yicha topshiriq berdi. Tajribali sinf rahbariga qo‘yishga harakat qildik. Ma’lum vaqt o‘tgach, sinf rahbari murojaat qildi. O‘quvchilar bilan kelishmovchilik bo‘libdi. Yangilar sal shaddodroq qizlar ekan, dedi. Gaplashib, tushuntirish ishlari olib bordik”, — deydi u.

Maktab psixologining ta’kidlashicha, qizlarning xulqi yomon bo‘lmagan. Maktab ma’muriyati ular bilan doimiy ish olib borgan.

Qizlarning tez-tez dars qoldirishi, qolaversa, yurish-turishidagi o‘zgarishlardan xavotirlangan maktab direktori bu yerda qandaydir gap borligidan gumonsiraydi va o‘quvchilardan gap olishga harakat qiladi. Direktorning samimiyatiga ishongan qizlardan biri “yoriladi” hamda o‘zlari tarbiyalanayotgan mehribonlik uyida sodir bo‘layotgan aql bovar qilmas jirkanchliklar haqida so‘zlab beradi, deb yozadi nashr.

“Bizda faqat kunduz kuni nazorat qilish imkoni bor, boshqa payt nima bo‘layotganini bilmaymiz. Gaplashib ko‘rgach, ma’lum bo‘ldiki, ularni uyda jazolashar, urishar ekan. Qizlarning ukalarini kaltaklab, ruhiy bosim bilan sindirishgan. Aytishlaricha, Yulduz qizlarga spirtli ichimliklar ichirtirib, keyin tungi klublarga olib borishar ekan. 15, 16, 17 yoshli qizlar o‘sha joylardan mijoz topib, ular bilan ko‘ngilxushlik qilishga majburlangan. Fohishalikdan tushgan pulni Yulduzga olib kelib berishgan. Mehribonlik uyini ham “priton”ga aylantirishgan ekan. Bularning barchasini qizlarning o‘zlari ko‘zda yosh bilan aytib berishgan. Ularning ko‘rsatmalarini yozib olib, tegishli idoralarga bu haqda xabar berganimdan keyin barchasi fosh bo‘ldi”, — deydi Farhod Rahmonov.

bolalar uyi, хоразм ishиJinsiy tajovuz qurboni bo‘lgan ikki qiz maktabda bir sinfda tahsil oladi. Ularning sinf rahbari O‘g‘iljon Bekturdiyeva qizlardan birini asrab olmoqchi bo‘ladi. Lekin mutasaddi idoralar tomonidan bunga ruxsat berilmaydi.

“Ulardan birini qiz qilib olmoqchi bo‘ldim. Direktorimiz bilan ham bu haqda maslahatlashganman hattoki. O‘zimniyam bitta qizim bor, shu bilan opa-singil bo‘lib o‘ssin, o‘zim tarbiyalayman degandim. Ota-onasizligi uning aybi emas-ku. U ham hayotda o‘z o‘rnini topishga haqqi bor. Harakati bor edi, o‘qishini istagandim. U paytda tergov jarayoni ketayotgandi. Qolaversa, asrab olishga darrov ruxsat berishmas ekan. Joyim ham kichkinalik qildi. Shu kabi sabablar bilan u qizni asrab olishga ruxsat ololmadim”, — deydi O‘g‘iljon Bekturdiyeva.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sinfdoshlari qizlarning mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi ekanini bilishmagan. Ularning o‘ksib qolishi yoki tengdoshlari tomonidan kamsitilishi oldini olish maqsadida maktab rahbariyati ham, o‘qituvchilar ham bu ma’lumot tarqalishiga yo‘l qo‘ymagan.

O‘g‘iljon Bekturdiyeva ayrim internet foydalanuvchilari ro‘y bergan voqealarda qizlarning o‘zini ayblashga urinayotganiga munosabat bildirib, bu fikrlarga qo‘shilmasligi, barchasiga ular tushib qolgan muhit sababchi ekanini ta’kidladi.

“Birinchidan, ular hali bola edi. Ikkinchidan, ularning tushib qolgan muhiti shunaqa bo‘lgan. Maktabimizda, sinfimizda yaxshi muhit shakllangandi, bu yerga kelganlaridan so‘ng ular yaxshi tomonga o‘zgarishdi. Mana o‘sha qizlarimizdan biri oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘ldi. Davlat tomonidan unga barcha jihozlari bilan birga bir xonali uy ham berildi. Qolganlarining ham hayoti iziga tushmoqda. Ular bilan tez-tez xabarlashib turamiz. Sinfdoshlarining to‘ylarida qatnashib kelishadi. Bo‘lgan ishlarda muhit aybdor deb hisoblayman, chunki ular yosh nihol, biz qanday parvarishlasak, shunday bo‘lib o‘sadi”, — deydi o‘qituvchi.

Urganchda sodir bo‘lgan voqealar haqida birinchi bo‘lib gapirgan Nemolchi.uz zo‘ravonlikka qarshi loyihasi muallifi Irina Matviyenko maktab direktorining gaplariga izoh berdi.

Uning ta’kidlashicha, maktab direktori “bu ish Davlat xavfsizlik xizmati nazoratida ko‘rilganini aytishni unutib qo‘ygan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga u mudira orqasida katta odamlar turgani va qizlar hech narsa qila olmasligini aytgani uchun tegishli organlarga murojaat qilishdan qo‘rqqan.