Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida “Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, Jinoyat kodeksi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra kodeksning tegishli moddalari, qismi va bandlarida nazarda tutilgan qilmishlar korrupsiyaga oid jinoyatlar deb topilishi belgilanmoqda hamda ushbu jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun bilan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga hamda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish kabi normalar qo‘llanilmaydi.

Senatorlar tomonidan kiritilayotgan o‘zgartirishlar korrupsiyaviy jinoyatlarni aniq belgilash va ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqish, korrupsiyaviy jinoyatlarni oldini olish, korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan adolatli jazo belgilanishiga hamda jinoyat oqibatida jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

1) “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga ta’rif berilib, unga ko‘ra quyidagi belgilarga ega 16 ta turdagi jinoyatlar bu turkumga kiritilmoqda:

a) mansab vakolatini suiiste’mol qilib, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish (167-modda);

b) xizmat mavqeidan foydalanib, firibgarlik qilish (168-modda);

v) g‘arazgo‘ylik maqsadida sodir etilgan hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, mansab soxtakorligi (192−11, 205, 206, 208, 209-moddalari);

g) pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (192−9, 192−10, 210, 211, 212, 213, 214, 301, 243-moddalar);

2) korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralari yanada kuchaytirilmoqda, xususan:

a) o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish (167-modda) yoki firibgarlik jinoyatlarini (168-modda) mansab mavqeini suiiste’mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etish qilmishlari tegishli moddaning og‘irroq qismi bilan malakalanib, mazkur qilmishlar uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda (amaldagi qonunda 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan);

b) javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun (210−212-moddalar) jazo choralari kuchaytirilib, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda (amaldagi qonunga ko‘ra, 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan).

v) hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, mansab soxtakorligi jinoyatlari (205−209-moddalar) “g‘arazgo‘ylik”niyatida sodir etilgandagina korrupsiyaviy jinoyat hisoblanishi belgilanib, og‘irroq jazo choralari nazarda tutilmoqda (180 mln so‘mgacha jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish);

g) nodavlat tijorat tashkilotining xizmatchisini yoki davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoxud fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish yoki ularning qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi jinoyatlari uchun (192−10, 192−11, 213 va 214-moddalar) jazo choralari kuchaytirilib, ozodlikdan mahrum qilish jazo choralari bilan to‘ldirilmoqda;

3) korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish muddati o‘tishi va jazodan ozod qilish institutlarining qo‘llanilishiga oid talablar kuchaytirilmoqda. Jumladan:

a) korrupsiyaga oid ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish va jazoni ijro etish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan javobgarlikdan va jazodan ozod qilish muddatlari 2 baravarga oshirilib, 10 yil etib; (amaldagi qonunga ko‘ra, boshqa turdagi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar uchun 2 yil, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun 4 yil).

b) korrupsiyaga oid og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslar muddat o‘tishi munosabati bilan jazodan va javobgarlikdan ozod etilmasligi;

v) korrupsiyaga oid ayrim jinoyatlar bo‘yicha yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar hamda poraxo‘rlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinmasligi va jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmasligi belgilanmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.