Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda 36 turdagi tovarlarga bojxona bojining nol stavkasi belgilangani narxlar darajasiga qay tarzda ta’sir etganini o‘rgandi. Natijalar ba’zi narxlar tegishli ravishda tushganini ko‘rsatdi.

Prezident 2024-yilgacha 36 turdagi oziq-ovqat va tovarlar — pishloq, tvorog, shokolad, qandolat mahsulotlari, olma, nok, behi, yogurt, kefir, sut mahsulotlari, makaron, cho‘chqa go‘shti, piyoz, salat bargi importiga 2024-yilgacha nol stavka joriy etilishini tasdiqlagan.

Tahlil uchun boj to‘lovchi va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli milliy supermarketlar narxlari asos qilib olindi. Jumladan, 96 turdagi 3120 ta iste’mol tovarlari bo‘yicha statistika data-scraping yo‘li bilan yuklab olingan. Har bir tovar turi bo‘yicha narxlar fevral va mart oyining oxiri uchun solishtirilgan.

Natijalarga ko‘ra, bojxona tariflarining tushirilishi ba’zi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelgan. Jumladan, shokolad mahsulotlari o‘rtacha 463 so‘mga, sabzavot va meva konservalari — 802 so‘mga, go‘sht konservalari — 1164 so‘mga, mol go‘shti — 375 so‘mga, vafli shirinliklari — 415 so‘mga, brinza — 275 so‘mga arzonlagan.

Shu bilan birga, bojxona bojlari tushirilgan boshqa turdagi mahsulot narxlarida hozircha o‘zgarish bo‘lmagani aniqlandi. Jumladan, soqol olish vositalari, yormalar, yogurt, qaymoq, tvorog kabi sut mahsulotlari narxi o‘zgarmagan. Soch yuvish vositalari, choy va kofe, sabzavot, murabbo va souslar narxi esa biroz oshgan.

Bunday holat import inflyatsiyasining bojdan tashqari omillari ta’siri kuchli ekani yoki bu mahsulotlar orasida ko‘plariga talab ichki ishlab chiqarish hisobiga qondirilayotgani bilan izohlanishi mumkin, deyiladi xabarda.

Ta’kidlash joizki, ushbu tovarlar uchun nol stavkalari birinchi marta joriy etilmoqda. 2023-yil 1-iyulgacha 22 turdagi oziq-ovqat, jumladan, go‘sht, baliq, sut mahsulotlari, meva va o‘simlik yog‘i uchun nol stavkalar belgilangandi.

Bundan tashqari, yangi ro‘yxatga shokolad, qandolat mahsulotlari, olma, nok va behi, yogurt, kefir va boshqa sut mahsulotlari, makaron, pishloq, boshqa mahsulotlar kiradi, ularning stavkalari 2022-yilning yozida o‘zgartirilishi taklif qilingan, ammo yakuniy ro‘yxatga kiritilmagan.

Oziq-ovqat mahsulotlarining yangi ro‘yxatiga imtiyozlar joriy etilishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha asosiy vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilgan.