Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva hamda prezident Administratsiyasining kommunikatsiyalar va axborot siyosati sho‘’basi mudiri, davlat rahbarining qizi Saida Mirziyoyeva Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining zo‘rlangani bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.

Tanzila Narbayeva “voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan bunday tuban jinoyatlarga davlatning, jamiyatning qat’iy va murosasiz javobi bo‘lishi shart”ligini ta’kidladi.

“Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunimizda mazkur toifadagi jinoyatlar uchun jazoning jiddiy kuchaytirilayotganligi aynan shuning uchun ham nihoyatda muhimdir”, — deb yozadi u.

Saida Mirziyoyeva bu holat qonunchilikda jiddiy muammolar borligini ko‘rsatganini va ushbu bo‘shliqdan “jirkanch shaxslar foydalanib qolayotganini” qayd etdi.

“Voqea ishtirokchilari orasida huquq idorasi vakillarining ham borligi esa nihoyatda xavotirlidir. Bosh prokuraturadan mazkur holatga alohida e’tibor qaratib, sinchiklab o‘rganishni va huquqiy baho berishni so‘rayman”, — deb yozadi u.

Shuningdek, u mavjud qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish, turli “lazeyka”larni yopish, oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha qonunni qabul qilishni tezlashtirishi zarurligini ta’kidladi.

Vaziyat to‘g‘risida mansabdorlarga xabar berilgan

Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko (loyiha Urganchdagi hodisa to‘g‘risida birinchi bo‘lib ochiq gapirgan) fevral boshidayoq Senatda xotin-qizlar va bolalar himoyasini kuchaytirish haqidagi o‘zgartishlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishida 1-sonli oilaviy bolalar uyidagi vaziyat yuzasidan axborot berganini ma’lum qildi.

“Bu keysni fevral boshida Senatda ishchi guruh yig‘ilishida tilga olgandim. Zalda senatorlar, Adliya vazirligi, Oliy sud va boshqa instansiyalar vakillari o‘tirishgandi. Eshitishdi, shokka tushishdi, hech narsa qilishmadi”, — deya ma’lum qildi faol.

“Mart oxirida yozgan maqolam ulkan rezonans, izohlar, noroziliklarni keltirib chiqardi. Biroq instansiyalar bu haqda avvalroq bilmaganmidi? Ular vaziyatni to‘g‘irlasa bo‘lmasmidi? Xalqning noroziligini kutib o‘tirmasdan protest kiritish, qarorni qayta ko‘rib chiqish va odamlarga boshqa natijani ko‘rsatsa bo‘lardi-ku. Shuning iloji bor edi-ku”, — deb yozadi u.

Irina Matviyenko prokurorning 6 yoshli qizchaga tegajog‘lik qilgan erkak ishi bo‘yicha sud qarori ustidan shikoyat qilganini misol qilib keltirdi. Dekabr oyida sudlanuvchi 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, protestdan keyin sud jazoni 15 yilga oshirgan.

“Oshkor bo‘lishini yoqtirmayman (kimgadir g‘ayritabiiy tuyulishi mumkin). Davlat mashinasi odamlar huquqlarini OAV va internetda shov-shuvlar uyg‘otgani uchun emas, balki tizim ishlayotgani uchun himoya qilishini xohlayman”, — deya ta’kidladi Irina Matviyenko.

Urganchda qizlarning zo‘rlanishi ishi bo‘yicha sud qaroridan Nemolchi.uz loyihasi xabar berguniga qadar qariyb yetti oy davomida jamoatchilik xabardor bo‘lmagan.

2022-yilning sentabr oyida Dilmurod Otamuratov raisligida o‘tgan jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tumani sudi Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy mehribonlik uyi rahbari Yulduz Xudaybergenova, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovga nisbatan hukm chiqargan.

Unga ko‘ra, mehribonlik uyi rahbari 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani hamda 1 yilga davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilingan. Ikki sobiq amaldor esa 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini olgan.

Ishda boshqa ishtirokchilar ham bo‘lishi mumkin

Irina Matviyenko sud yopiq eshiklar ortida ko‘rgan jinoyat ishi materiallariga tayanib, qizlarning bir necha oy davom etgan zo‘rlanishiga yana kamida uch kishi aloqador bo‘lishi mumkinligini aytdi. Biroq sud ularni ayblanuvchi deb hisoblamay, guvoh sifatida ushlab turgan.