O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-oilaviy mehribonlik uyining uch nafar tarbiyalanuvchisining zo‘rlanishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganmoqda. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

“Bolalar ombudsmani bolalarga nisbatan qo‘llanadigan har qanday jinsiy jinoyatlarga og‘ir jazo turlarini qo‘llash kerak, degan pozitsiyada”, — deyiladi bayonotda.

Aliya Yunusova vaziyatni o‘z nazoratiga olgan va ish bilan bog‘liq barcha materiallarni o‘rganmoqda, zarurat bo‘lsa, ularning xavfsizligi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

2022-yil sentabrda Dilmurod Otamuratov raisligida o‘tgan jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati Xiva tumani sudi Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy mehribonlik uyi rahbari Yulduz Xudaybergenova, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovga nisbatan hukm chiqargani haqida yozgan edik.

Mudira 1 yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgar lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilingan holda 5,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Shu bilan birga, ikki sobiq amaldorning 1,5 yilga ozodligi cheklangan.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi bu haqda xabar berguniga qadar — qariyb 7 oy davomida jamoatchilik hodisadan bexabar edi.