Ukrainaning “Yuriya-Farm” farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistondagi “Reka-Med” farmatsevtika kompaniyasini sotib oldi. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) krediti hisobidan 10 mln yevro ajratdi, deya xabar qildi bank matbuot xizmati.

YeTTB krediti mahsulotining 30 foizini (shundan 15 foizi O‘zbekistonga) eksport qiluvchi “Yuriya-farm”ga O‘zbekiston bozori uchun dori vositalarini ichki ishlab chiqarish hamda Ukrainadagi ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb 10 foizini boshqa dori vositalarini ishlab chiqarish uchun bo‘shatish imkonini beradi.

YeTTBning ta’kidlashicha, “Yuriya-Farm” Ukrainadagi yetakchi beshta farmatsevtika ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, o‘z dori vositalarini dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlariga eksport qiladi.

“Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sharoitida eksport qiyinlashib, qimmatlab borayotgan bir paytda o‘zbek kompaniyasini sotib olish eng yaxshi strategik qadam bo‘ldi”, — deya qayd etdi bank.

“Ushbu kelishuv Ukrainada ham, O‘zbekistonda ham dori vositalarining mavjudligini oshiradi. Shuningdek, u “Yuriya-Farm”ning rentabelligini oshiradi hamda Ukrainadan tashqarida qo‘shimcha maydonlarni joylashtirish orqali ishlab chiqarish xatarlarini diversifikatsiya qiladi”, — dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Sharqiy Yevropa va Kavkaz bo‘yicha boshqaruvchi direktori Matteo Patrone.

“Yuriya-farm” YeTTB bilan dastlabki kredit shartnomasini 2019-yil may oyida imzolagan. Kompaniya 25 mln yevro jalb qildi, bu mablag‘ ikki transhda ajratilishi kerak edi. Dastlabki 15 mln yevro qadoqlash liniyalarini takomillashtirish, arzon individual dozalarda saraton kasalligini davolash uchun dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda ishlab chiqarishning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlariga sarflandi. Ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish uchun mo‘ljallangan ikkinchi transh esa sarflanmadi, endilikda u “Reka-Med”ni sotib olishga yo‘naltiriladi.

“Reka-Med” korxonasi O‘zbekistonda 2006-yilda ishga tushirilgan. Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, 31-mart holatida kompaniyaning ta’sischilari ustav kapitalidagi 95,2 foizga ega Emteko holding (Latviya) va 4,8 foizi Mahbuba Mamanova hisoblanadi.

Ishlab chiqarish quvvatining o‘zi Sirdaryo viloyatida joylashgan bo‘lib, tomir ichiga yuborish uchun infuzion preparatlar ishlab chiqaradi.