Mitinglar to‘g‘risidagi qonun loyihasi O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda 28-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Adliya vazirligi qonunchilik departamenti boshlig‘i Mirjalol Allaquliyev ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz“ muxbiri.

“Hozirda “Mitinglar va ommaviy namoyishlar to‘g‘risida“gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan. Yaqinda shu mavzuda [muhokama] bo‘ldi… Ichki ishlar vazirligi tavsiyasiga ko‘ra, loyiha prezident Administratsiyasida ko‘rib chiqilmoqda“, — deya ma’lum qildi Adliya vazirligi vakili.

Mirjalol Allaquliyev, agar qonunchilikda bunday tartib bo‘lmasa, mitinglar tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzgani uchun sud tomonidan 21 mln so‘m jarimaga tortilgan bloger Olimjon Haydarov qanchalik adolatli jazolangani haqidagi savolga ham javob berdi.

U sud o‘z qarorini uchta hujjatga asoslaganini ta’kidladi, biroq ularning nomini keltirmadi.

Ta’kidlash joizki, MJTKda “yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘chalarda yurish yoki namoyishlar o‘tkazish tartibini buzganlik“ uchun javobgarlik mavjudligiga qaramay, bu tartib qonun hujjatlarida haligacha belgilanmagan. Buni 2021-yilda o‘sha paytda Adliya vazirligini boshqargan Ruslanbek Davletov ham tan olgan edi.

Ichki ishlar vazirligi “Mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risida“gi qonun loyihasini 2019-yil iyun oyida, keyin esa 2020-yil avgust oyida muhokama uchun e’lon qilgan edi. Ikki marta muhokamalar natijasida qonun qabul qilinmadi. Shu bilan birga, vazirlik “Mitinglar to‘g‘risida“gi qonunni qabul qilishdan asosiy maqsad “fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishdan iborat“ ekanini ta’kidlab, qonunning yo‘qligini huquqiy bo‘shliq deb atadi.

Konstitutsiyaga muvofiq, “Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega“.