Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Qoraqalpog‘istondan Xorazm viloyatiga keldi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari Urganch shahrida Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi sessiyasi qatnashdi. Unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Prezident Xorazm viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Rahimov Jo‘rabek Rahimovich nomzodini tavsiya etdi.

Nomzodning rejalar taqdimotidan so‘ng hokim tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Unga ko‘ra, Jo‘rabek Rahimov viloyat hokimi etib tasdiqlandi.

Prezident farmoni bilan Jo‘rabek Rahimov 2022-yil dekabr oyida Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. U 2019-yil 11-fevraldan Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani hokimi lavozimida ishlayotgan edi.

Ma’lumot uchun, Jo‘rabek Rahimov 1981-yilda Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. Qo‘shko‘pir tumani hokimi bo‘lgunga qadar Xorazm viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i va Bog‘ot tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan.

Avvalroq prezidentning tegishli farmoni bilan 2018-yildan buyon Xorazm viloyati hokimi sifatida ishlab kelayotgan Farxod Ermanov lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi.