Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumani sudi 248 nafar fuqarodan 12 milliard so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan olgan Uz Avto Premium va Avto Alo Group MT (ta’sischisi bir) kompaniyalarining to‘rt nafar vakiliga hukm chiqardi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon dasturida xabar berildi.

Sud jarayoni deyarli bir yil davom etgan. Jabrlanuvchilarning ma’lum qilishicha, kompaniyalar ularga qisqa muddatda Cobalt, Nexia-3, Gentra, Malibu va Isuzu avtomobillarini yetkazib berishni va’da qilgan. Oradan ikki yil o‘tsa ham, mashinalar topshirilmagan. “Birinchi to‘lovni olgandan so‘ng kompaniya vakillari aloqani to‘xtatdi“, — dedi jabrlanuvchilardan biri.

Telekanalda namoyish etilgan lavhada sud jarayonida boshqaruvchi bo‘lib ishlagan ayblanuvchilardan biri maxsus saqlanish xonasining panjaralariga o‘zini urib, baqirganini ko‘rish mumkin. Keyinroq u jurnalistlarga bergan intervyusida “agar firibgarlik haqida bilganimda, u yerda ishlamagan bo‘lardim“, — deya ta’kidladi.

avтоmashina олиb bериш, firibgarlik

Sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a,v“ bandlari, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a,b“ bandlari va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan Uz Avto Premium kompaniyasining 29 yoshli rahbari 9 yil 6 oyga, shunga o‘xshash moddalar bo‘yicha ayblangan 26 yoshli yigit 9 yilga qamaldi.

Xuddi shu moddalar hamda 277-modda (Bezorilik) 2-qismi “a,b“ bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan Avto Alo Group kompaniyasi rahbari — 27 yoshli yigit 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

30 yoshli sudlanuvchi ayol esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v“ bandi va 228-moddasi 2-qismi “a,b“ bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud ayblanuvchilardan 232 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni birgalikda va qisman undirishga qaror chiqardi.

Jabrlanganlarning ba’zilari sud zalida mojaro keltirib chiqardi. 5 nafar shaxsga nisbatan hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatganliklari uchun ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida bayonnomalar tuzildi.

Bu avtomobil yetkazib berishni va’da qilgan kompaniyalar tomonidan xaridorlarning birinchi marta aldanish holati emas. 2020-yilda 60 oyga foizsiz bo‘lib to‘lash orqali mashina sotib olishni taklif qilgan Avto 60 oy kompaniyasi faoliyatidan deyarli 17 ming kishi zarar ko‘rgani xabar qilingandi. Zarar 6 million dollarga baholangan.

O‘sha yili 40 oyga foizsiz bo‘lib to‘lash orqali avtomobil sotib olishni taklif qilgan AvtoRental kompaniyasi faoliyatidan yuzlab odamlar zarar ko‘rgani ham ma’lum qilingandi. Kompaniya rahbari qidiruvga berilgan.

Shuningdek, Toshkentda avtomashinalarni foizsiz bo‘lib to‘lash bilan shug‘ullanuvchi Auto Makon kompaniyasi faoliyati to‘xtatilgani ma’lum qilingan. Uning ustidan 150 dan ortiq odam shikoyat qilgan.