O‘zbekistonda o‘tgan haftada qizil dumaloq pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 29 foizga va o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2 baravarga oshdi, deya xabar bermoqda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hududlarida meva, sabzavot, yong‘oq va rezavor bozori haqida ma’lumotlar beruvchi EastFruit portali.

Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilning 17 martidan 24 martigacha O‘zbekistonda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 28 ming so‘mdan 36 ming so‘m/kg ga ($2,45 dan $3,16 ga), bir hafta ichida 28,6 foizga oshgan. Oxirgi uch oyda ushbu mahsulotlarning jadal o‘sishi hisobga olinsa, yil boshidan 24 martgacha O‘zbekistonda qizil dumaloq pomidorning ulgurji narxlari 2,4 barobarga yuqorilagan.

O‘tgan haftada qizil dumaloq pomidor narxining keskin oshishi oqibatida O‘zbekistonda ushbu mahsulotlarning ulgurji narxlari portal monitoring qiladigan mamlakatlar orasida eng yuqori bo‘lib chiqqan.

24 mart holatiga ko‘ra, mamlakatlarda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi quyidagi ko‘rsatkichni tashkil etgan (1 kg uchun AQSh dollarida):

  • O‘zbekiston — $3,16;
  • Polsha — $2,79;
  • Ukraina — $2,60;
  • Tojikiston — $2,29;
  • Moldova — $1,61;
  • Gruziya — $1,16.

Shuningdek, o‘tgan haftada pushti issiqxona pomidorlari narxi ham ko‘tarilgan, ammo o‘sish sur’ati qizil dumaloq issiqxona pomidoriga qaraganda ancha past bo‘lgan. Xususan, 17 martdan 24 martgacha O‘zbekistonda pushti issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 33 ming so‘mdan 36 ming so‘m/kg ga ($2,89 dan $3,16 ga), ya’ni 9,1 foizga ko‘paygan.

Oxirgi bir yarim oy davomida ushbu mahsulotlar narxlarining barqaror oshib borishi hisobiga 10 fevraldan 24 martgacha O‘zbekistonda pushti issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 1,8 barobarga qimmatlagan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda issiqxona pomidorining narxi keskin ko‘tarilgani va buning sababi sifatida yanvar oyidagi anomal sovuq paytida issiqxonalarda hosilning nobud bo‘lgani aytilgandi. 10 martga qadar qizil pomidorning ulgurji narxi 27 ming so‘mga, pushti ranglisi esa 33 ming so‘mgacha ko‘tarilgandi.