2023 yil 1 maydan boshlab O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda (p2p o‘tkazmalari) xizmat ko‘rsatish uchun elektron hisob-varaqalarni (ESF) rasmiylashtirishi va taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Bu O‘zbekiston Prezidentining 10 fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan. O‘zgarish aholi orasida p2p o‘tkazma xizmatlari narxlarining oshishi mumkinligi haqida xavotir uyg‘otdi. Bugungi kunda bir elektron hisob-varaqasi uchun xizmat narxi 270 so‘mdan 450 so‘mgacha. Soliq qo‘mitasi tannarxni 1 so‘mga tushirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

Keyinroq, Adliya vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilayotgan prezident qarori loyihasida bu band yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Katta ehtimol bilan bu band hujjatni tekshirish va baholashdan keyin paydo bo‘lgan.

28 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Adliya vaziri Akbar Toshqulov «Gazeta.uz»ga ushbu holat bo‘yicha izoh berdi.

«Qonunchilik jarayoni juda katta. Qonunlarda belgilangan talablarga ko‘ra, [loyiha hujjatlari] bizdan (huquqiy ekspertizadan — tahr.) o‘tishi kerak. Ba’zida shunday (ekspertizadan so‘ng normativ hujjat loyihasiga qo‘shimcha band qo‘shilishi) holatlari uchraydi. Buni, albatta, tegishli tashkilotlarga yetkazamiz va bunday holatlar takrorlanmasligi chorasini ko‘ramiz», — deydi vazir.

«Gazeta.uz» muxbirining «Ekspertizadan o‘tmagan ushbu band qarordan olib tashlanadimi?», — degan savoliga Toshqulov «Yo‘q, qaror imzolangan», — deya javob berdi.

Qonunchilik departamenti boshlig‘i Mirjalol Allakuliyev vazir javobiga qo‘shimcha qilib, «Qonunchilikda „Adliya vazirligi ekspertizasidan o‘tgandan keyin hujjatlar o‘zgarmaydi“ degan qat’iy talab yo‘q», dedi.

«Masalan, qonun. Biz loyihani ishlab chiqdik, ekspertizadan o‘tkazdik va parlamentga topshirdik, u qonunni xohlagancha o‘zgartirishi mumkin. Boshqa muassasalarda ham xuddi shunday, chunki buni hujjatni qabul qiluvchi tashkilot hal qiladi», — dedi vazir.

Akbar Toshqulov elektron hisob-varaqa byurokratiyaga olib kelmasligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu qarorning aholiga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’siri va iqtisodiy samaradorligini o‘rganishi kerakligini aytdi.

«Adliya vazirligi [loyihani] qonunchilik, byurokratiya, korrupsiya omillarining mavjudligi yoki yo‘qligi nuqtai nazaridan ko‘proq o‘rganmoqda», — deya tushuntirdi u.