«Turkistonbank» bankrot bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 17 martdagi qarori bilan Hi-tech bank ham bankrot deb topildi, deya xabar bermoqda Markaziy bank matbuot xizmati.

Markaziy bank boshqaruvining tegishli qaroriga asosan Hi-tech bank`ni tugatish komissiyasi o‘z faoliyatini tugatdi. Sud tomonidan M.Gizatulin tugatish boshqaruvchisi etib tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning oktabr oyida Markaziy bankning tegishli qarorlari bilan va Hi-tech bank va «Turkistonbank»dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar chaqirib olingandi. Shuningdek, banklarni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlangandi.

Markaziy bank Departamenti direktori Sanjar Nosirov yuqoridagi banklar faoliyati nega to‘xtatilganiga izoh berib, har ikki bank uzoq muddatdan buyon bank qonunchiligi bo‘yicha me’yorlar va prudensial talablarni muttasil buzib kelganini ta’kidlagandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur banklarning litsenziyasini chaqirib olishga asos sifatida «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 54 moddasida ko‘rsatilgan qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan. Shu bilan birga 77-moddadagi asoslar kuzatilgan.

«Misol uchun, yetarli miqdorda aktivlarga nisbatan zaxiralar yaratilmagan. Regulyativ kapitalidan 50 foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rgan. Buxgalteriya hisobotida qoidalarni buzgan. Iste’molchilar huquqlariga qarshi harakatlar qilgan. Amaldagi taritbga ko‘ra, banklar ustav kapitaliga nisbatan 100 milliard so‘mlik talab bor», — degan MB vakili.