Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda u 28 mart kuni Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasidan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishlaricha, uning kelishi 27−28 aprel kunlari bo‘lishi mumkin.

Qirg‘izistonda so‘zga chiqqan Devid O’Sallivan Yevropa Ittifoqining Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi joriy qilgan sanksiyalarini chetlab o‘tish bilan bog‘liq davlatlarga tashrif buyurayotganini aytdi, deb yozadi Qirg‘izistonning Kaktus.media nashri. U O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Gruziya va Armanistonga ham borish niyatida va allaqachon Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiyaga tashrif buyurib bo‘ldi.

«Biz Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamaydigan davlatlarning fikrini hurmat qilamiz. Ammo ularning sanksiyalarni chetlab o‘tish platformasiga aylanishini istamagan bo‘lardik», — dedi Yevropa Ittifoqining maxsus vakili.

«Ayrim pozitsiyalar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Qirg‘izistonga eksport o‘sishi 700 foizni tashkil etdi. Gap ilg‘or texnologiyalar va ikkilamchi mahsulotlar haqida bormoqda. Masalan, smartfonlar, videokameralar, urushda foydalanish mumkin bo‘lgan murakkab texnologiyaga ega qurilmalar», — deya ta’kidladi Devid O’Sallivan.

Maxsus vakilning qo‘shimcha qilishicha, YeI eksport qilinadigan mahsulotlar harbiy maqsadlarda qo‘llanilishini istamaydi, butlovchi qismlar esa Rossiya qurollaridan topilgan.

Shu bilan birga, O’Sallivan Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasida kuchli savdo-iqtisodiy aloqalar mavjudligi va ularni hech kim buzib tashlamasligini tushunishini ta’kidladi.

«Hech kim sanksiyalar masalasi Qirg‘iziston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni buzishini istamaydi, ammo buning uchun qanday choralar ko‘rilishini tushunish uchun muloqot kerak. «Biz sanksiyalarni chetlab o‘tishni tushuntirish uchun huquqiy yordam ko‘rsatishga va treninglar o‘tishga tayyormiz. Bojxona va boshqa xizmatlar bo‘yicha mutaxassislar kuzda bu yerga kelishlari mumkin. Prezident ma’muriyati bilan uchrashuvlar allaqachon bo‘lib o‘tgan va biz o‘zaro maqbul yechimga kelishimiz kerak», — deya xulosa qildi YeI maxsus vakili.

Voqealar tarixi

Avval yozganimizdek, G‘arb nashrlari Rossiya o‘tgan yili Qozog‘iston, O‘zbekiston va Armaniston bilan savdo aylanmasini keskin oshirganiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Mart oyida Bloomberg axborot agentligi Yevropa Ittifoqi Rossiya va Ukrainada harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan ilg‘or Yevropa texnologiyalari va boshqa tovarlar importini keskin oshirgan mamlakatlar bilan aloqa o‘rnatishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Bu borada Turkiya, BAA, Qozog‘iston va Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari haqida gapirish mumkin.

Bir hafta o‘tib, Reuters`ning xabar berishicha, so‘nggi haftalarda Rossiya kompaniyalari Qozog‘istondagi hamkorlariga sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun zarur tovarlarni import qilishda yordam so‘rab murojaat qilgan. Bu telefonlar, elektronika va nodir tuproq metallaridan tortib bank kartalari uchun materiallargacha bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarni yetkazib berishni nazarda tutadi.

Yaqinda Financial Times gazetasi Qozog‘iston aprel oyidan boshlab Rossiyaga qayta eksport qilish uchun mamlakat orqali o‘tadigan tovarlarni kuzatishni boshlashini yozdi. Ushbu choralar G‘arbning xorijiy kompaniya va jismoniy shaxslarning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishiga yo‘l qo‘ymaslik istagi fonida amalga oshiriladi, deb ta’kidladi nashr.

Yaqinda The Telegraph nashri muharrirlar tomonidan qo‘lga kiritilgan maxfiy hujjatga tayanib, YeI Rossiyaga «ikki maqsadli» texnologiyalarga ega uskunalarni sotib olishga yordam beradigan davlatlarga nisbatan cheklov choralarini joriy etish rejalarini muhokama qilayotgani haqida xabar berdi. Gap, xususan, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga eksport qilinayotgan kir yuvish mashinalari, eski avtomobil va kameralar haqida bormoqda.