Iqtisodiyot va moliya vazirligi xorijiy davlatlar bilan ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish bo‘yicha kelishuvlarni O‘zbekiston manfaatlariga muvofiqligini o‘rganadi. Bu haqda 25 mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbari Sherzod Kudbiyev Facebook`dagi sahifasida ma’lum qildi.

Shanba kuni Soliq qo‘mitasi O‘zbekistonda Yandex Go xizmati qanday tartibga solingani, kompaniya va taksi kompaniyalari tomonidan qancha soliq to‘langani haqida ma’lumot bergan edi. Soliq kodeksiga ko‘ra, Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan (Yandex Go ilovasini ifoda etadi) Ridetech International kompaniyasining O‘zbekistondagi manbalaridan olingan daromadlari soliqqa tortilmaydi, chunki O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasida daromadlarga ikki tomonlama soliq solishning oldini olish to‘g‘risida kelishuv mavjud. .

Moliyachi Otabek Bakirov nima uchun poytaxt va viloyat markazlarida taksi xizmatlari agregatori sifatida ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniya O‘zbekistonda soliq to‘lamasligi kerakligi bilan qiziqdi. Shuningdek, u Yandex Go va uning hamkorlari ko‘rsatilgan xizmatlar uchun fiskal cheklar bermasligini ta’kidladi.

Sherzod Kudbiyev kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatiga oid onlayn muhokamalarga izoh berdi.

“Adashmasam agar, ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston 54 ta mamlakat bilan shartnomalar imzolagan. Va bu shartnomalarga biz so‘zsiz amal qilishimiz kerak bo‘ladi. Endi, bular bizning manfaatlarimizga mos keladimi yoki yo‘qmi? Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘zining pozitsiyasi, siyosati va takliflarini ishlab chiqyapti. O‘ylaymanki, yaqin orada, bir oy ichida hukumatga o‘z takliflarimizni kiritamiz”, — dedi iqtisodiyot va moliya vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap “O‘zbekistonda tadbirkorlar manfaatlariga rioya qilish va bozorda hamma uchun teng imkoniyatlar yaratish nuqtai nazaridan” qonunchilik bazasini yaratish bo‘yicha takliflar haqida bormoqda.

Avvalroq Yandex Go taksi xizmatining O‘zbekistondagi faoliyati tufayli monopoliyaga qarshi organ va Soliq qo‘mitasi tanqidga uchragani haqida yozgan edik. Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi “Yandeks.Taksi” va boshqa xorijiy xizmatlarning ro‘yxatdan o‘tmagani monopoliyaga qarshi tartibga solishda qiyinchiliklar tug‘dirayotganini tan oldi.