O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasining kommunikatsiyalar va axborot siyosati sho‘’basi mudiri Saida Mirziyoyeva AQShga tashrifi doirasida Vashingtonda Tinchlik korpusi bosh direktori o‘rinbosari Tomas Pan bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida xabar qoldirdi.

Uchrashuvda ta’lim va til o‘rganish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

«O‘zbekiston mamlakatimizda ingliz tilini o‘qitadigan amerikalik ko‘ngilli o‘qituvchilarning faoliyatini yangilash, jumladan, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, AKT va ilg‘or texnologiyalar kabi sohalarda ingliz tilidagi mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan masalalarni hal etishda „Tinchlik korpusi“ bilan yaqin hamkorlik qilishi juda muhim, deb hisoblayman», — dedi Saida Mirziyoyeva.

«Ishonchim komilki, bugungi uchrshuvimiz ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil noyabrida AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik 2005 yilda O‘zbekistondagi faoliyatini qisqartirgan «Tinchlik korpusi» mamlakatga qaytishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada O‘zbekiston hukumati bilan prinsipial kelishuv mavjud.

Saida Mirziyoyeva 24 mart kuni Oq uyda ham bo‘lib, u yerda AQSh prezidenti Jo Bayden yordamchisi va AQSh prezidenti ma’muriyatining gender siyosati bo‘yicha kengashi direktori Jennifer Klayn bilan uchrashdi.

«Suhbatning asosiy mavzularidan biri — xotin-qizlarni gender zo‘ravonlikdan himoya qilish va O‘zbekistonda unga yo‘l qo‘ymaslik uchun amalga oshirilayotgan ishlar bo‘ldi. Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar faqat qog‘ozda qolmasligi uchun zarur chora-tadbirlarni atroflicha muhokama qildik», — deya ma’lum qildi u.

Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, Jennifer Klayn bu borada amaliy yordam berishni taklif qilgan.

ақш, саида мирзиёеva, ўзбекистон

Ushbu uchrashuv haqidagi e’lon Oq uy tomonidan ham e’lon qilindi. Unda aytilishicha, uchrashuvda gender tengligini ta’minlash, jumladan, oiladagi zo‘ravonlik qurbonlarini huquqiy himoya qilishni kuchaytirish, odam savdosiga qarshi kurashish va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

«Qo‘shma Shtatlar ushbu masalalar bo‘yicha birgalikda harakat qilish hamda O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash orqali strategik sheriklikni chuqurlashtirish tarafdori», — deyiladi bayonotda.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi oiladagi zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni, shuningdek, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik va boshqa jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi.