Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Bektosh Raximovich Sayipov Qashqadaryo viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Sayipov tayinlovga qadar Namangan viloyati prokurori lavozimida ishlagan. Undan ham avvalroq — 2021 yilning martidan boshlab Buxoro viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan.

Bektosh Sayipov 2016 yilgacha Jizzax viloyati Zomin tumani prokurori bo‘lgan, keyinroq Jizzax viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil avgustidan beri Qashqadaryo prokurori bo‘lib ishlab kelgan Salom Samadov bir muddat avval bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. U ushbu lavozimda 2017−2018 yillarda ham ishlagan.