O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilda olti marotaba 6−8 balli zilzila sodir bo‘lgan. Bu haqda 25 mart kuni AOKAda FVV, Qurilish vazirligi, Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, ushbu 6 ta zilzilada jami 16 kishi qurbon bo‘lgan, 54 kishi jabrlangan. Iqtisodiy zarar miqdori 84 mlrd so‘mni tashkil etgan.

6−8 balli zilzilalar:

  • Kon zilzilasi — 2011 yil (8 ball);
  • Tuyabo‘g‘iz zilzilasi — 2013 yil (7 ball);
  • Marjonbuloq zilzilasi — 2013 yil (8 ball);
  • Kitob va Baxmal zilzilalari — 2016−2017 yillar (7 ball);
  • Boysun zilzilasi — 2022 yil (6 ball).

Matbuot anjumanida, shuningdek, Сейсмопрогностик monitoring respublika markazi tomonidan O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda 2023 yil 1 yanvardan bugungi kungacha magnitudasi M= 2.8−6.8 bo‘lgan 250 dan ortiq zilzila qayd etilgani ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston geologik joylashuviga ko‘ra, O‘rta dengiz — Osiyo seysmik kamarida joylashgan. 1900 yildan shu kunga qadar 60 dan ortiq kuchli va halokatli (magnitudasi 5 dan yuqori bo‘lgan) zilzilalar sodir bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 21 mart kuni 5−6 balli va 23 martga o‘tar kechasi 4−5 balli yer silkinish holatlari sezilgan. Ko‘plab hududlarda zizlilalar bir necha soniya davom etgan. Bu holat aholi orasida vahimalarga sabab bo‘lib, yaqin orada bundan ham kuchliroq yer silkinishlari kutilayotgani haqida xabarlar ham tarqalgan.

Seysmologiya instituti xodimi Qaharbay Abdullabekov esa O‘zbekistonda yaqin kunlarda yana zilzila kuzatilishi haqida tarqalgan xabarlar asossizligini ma’lum qilgan. Bir hududda bo‘lgan zilzila ikkinchisini keltirib chiqarmasligi, faqat uning ortidan ayrim aftershoklar kuzatilishi mumkinligi aytilgan.

Avvalroq «Gazeta.uz» O‘zbekiston olimlari o‘tmishda bir qancha zilzilalarni aniq bashorat qilgani, ammo nega hammasini ham bashorat qilib bo‘lmasligi haqida olimlar bilan suhbatlashgandi.