Ulug‘bek Ubaydullayevich Rozuqulov «O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisi etib tayinlandi, deya xabar berdi «Gazeta.uz»ning sohadagi manbasi.

Ulug‘bek Rozuqulov (1969 yilda tug‘ilgan) Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti bitiruvchisi, Rossiya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti aspiranturasini tamomlagan, iqtisod fanlari nomzodi hisoblanadi.

U bu lavozimga tayinlangunga qadar 2018 yildan O‘zbekistonning Indoneziyadagi, 2019 yilning oktabr oyidan esa Vetnamdagi elchisi bo‘lib ishlagan.

2017−2018 yillarda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi (hozirgi Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports)da boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, unga qadar bosh vazir o‘rinbosari — «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori, Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari, Vazirlar Mahkamasi Tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti direktori lavozimlarida mehnat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 23 mart kuni «O‘zavtosanoat» kompaniyasining sobiq raisi Shavkat Umurzoqov Toshkent hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.