Hindistonning Uttar-Pradesh dori vositalarini nazorat qilish va litsenziyalash boshqarmasi Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining ishlab chiqarish litsenziyasini bekor qildi, bu O‘zbekistonda uning «Dok-1 Maks» siropidan 20 nafar bolaning vafot etgani bilan bog‘liq, deb xabar berdi Hindustan Times.

Litsenziyani bekor qilish «bu davlat dori vositalari regulyatori tomonidan amalga oshirilgan ma’muriy choradir», deyiladi xabarda.

3 mart kuni Uttar-Pradesh politsiyasi kompaniyaning uch nafar xodimini — ishlab chiqarish boshlig‘i va ikkita olimni hibsga olgan. Yana ikki direktor qidiruvda.

4 mart kuni Markaziy dori vositalari standartlarini nazorat qilish tashkiloti (CDSCO) ishlab chiqaruvchining litsenziyasini bekor qilishni tavsiya qilgan.

Dekabr oyida Hindiston hukumati kompaniyaga qarshi ish boshlaganidan so‘ng litsenziya to‘xtatilgandi. Endi Marion Biotech har qanday ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi mutlaqo taqiqlandi.

O‘zbekistonda bolalar o‘limi bilan bog‘liq «Dok-1 Maks» siropi Hindistonda sotilmagan.

O‘zbekistondagi tergov shuni tasdiqladiki, mazkur ishlab chiqaruvchining «Dok-1 Maks» va «Ambronol» preparatlari laboratoriya sinovlaridan (O‘zbekistonga import qiluvchi — Quramax Medikal) belgilangan tartibda o‘tkazilmagan. Dorilar partiyalari tarkibida etilenglikol topilgan.