Toshkent vaqti bilan 01:07 da Tojikistonning So‘g‘d viloyatida zilzila sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston FVV Seysmoprognostik monitoring respublika markazi axborot xizmati.

Zilzila koordinatalari: 39,39 gradus shimoliy kenglik; 69,93 gradus sharqiy uzunlik. Magnituda M=6. Chuqurlik 15 km. Zilzila epitsentri Toshkentdan 217 km janubi-sharqda.

O‘zbekiston hududida sezilish kuchi:

  1. Sirdaryo viloyatida 5 ball, 157 km.
  2. Farg‘ona viloyatida 5 ball, 192 km.
  3. Jizzax viloyatida 5 ball, 198 km.
  4. Toshkent shahrida 5 ball, 217 km.
  5. Namangan viloyatida 4−5 ball, 232 km.
  6. Samarqand viloyatida 4−5 ball, 256 km.
  7. Andijon viloyatida 4−5 ball, 257 km.
  8. Surxondaryo viloyatida 4 ball, 335 km.
  9. Qashqadaryo viloyatida 4 ball, 363 km.
  10. Navoiy viloyatida 4 ball, 398 km.
  11. Buxoro viloyatida 4 ball, 474 km.

Oradan biroz vaqt o‘tib, aftershok qayd etildi. 01:36 da Tojikistonning aynan shu hududida 3,6 magnitudali yer silkinishlari sodir bo‘ldi. Zilzila epitsentri chuqurligi 15 kmni tashkil qildi. U Toshkentdan 215 km janubi-sharqda joylashgan bo‘lib, ikkinchi to‘lqin O‘zbekiston hududlarida sezilmadi.

Eslatib o‘tamiz, 21 mart, seshanba kuni kechqurun ham Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlarida kuchli zilzila sezilgandi. Yer silkinishlari gorizontal xarakterga ega bo‘lib, birmuncha davom etgan. Zilzila epitsentri Afg‘onistonda (6,6 magnitudali) bo‘lgan.

Shu kuni zilzilaga qadar O‘zbekistondagi Android qurilmalarning ko‘plab egalariga yerosti silkinishlari ehtimoli borligi haqida ogohlantirish kelgan. Google ushbu tizimni 2020 yil yozida ishga tushirgan bo‘lib, oradan bir yil o‘tib O‘zbekiston uchun ham ishlay boshlagan. Uning qanday ishlashi haqida bu yerda batafsil o‘qish mumkin.

Avvalroq «Gazeta.uz» O‘zbekiston olimlari o‘tmishda bir qancha zilzilalarni aniq bashorat qilgani, ammo nega hammasini bashorat qilib bo‘lmasligi haqida olimlar bilan suhbatlashgandi.