O‘zbekistonda 21 mart (5−6 ball) hamda 23 mart kunlari (4−5 ball) sezilgan zilzilalardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda yana shunday tabiiy ofat kuzatilishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Fanlar akademiyasi akademigi Qaharbay Abdullabekov brifing davomida ikki hududda kuzatilgan zilzila bir-biriga bog‘liq emasligi, yaqin kunlarda bunday holat takrorlanishi kutilmayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda yana zilzila kuzatilishi haqidagi xabarlar asossiz. Bir hududda bo‘lgan zilzila ikkinchisini keltirib chiqarmaydi. 2 kun ichida Afg‘oniston va Tojikistonda sodir bo‘lgan 2 ta zilzila bir-biriga bog‘liq emas.

“Zilzilalar juda uzoq vaqt ichida seysmik kamarlarda tayyorlanadi. Ko‘plab hududlarda bu tayyor holatga kelgan va ushbu hodisa hozir sodir bo‘lyapti. Tabiiy ofatdan so‘ng yer biroz silkinishi, magnit bo‘roni kuzatilishi mumkin. Zilzila yana qayta bo‘lishi uchun esa alohida tayyorgarlik jarayoni kerak bo‘ladi”, — dedi u.

Keltirishicha, yer yuzida bo‘ladigan deyarli 80% zilzila Tinch okeani va uning atrofidagi hududlarda yuz beradi. O‘rta dengiz va Osiyo mintaqasida taxminan 15% zilzila kuzatiladi.

Shuningdek, FVV ham bugungi kunda dunyoning hech bir davlatida zilzila sodir bo‘ladigan sana va hatto taxminiy vaqtni bashorat qila oladigan texnologiyalar mavjud emasligini, O‘zbekiston seysmik faol zonada joylashgani sababli ba’zida yer silkinishlari sodir bo‘lishini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, u agarda hududlardagi qurilish obyektlari aniq standartlar asosida, qoidaga ko‘ra qurilsa, mazkur tabiiy ofat ularga jiddiy ta’sir yetkazolmasligi haqida gapirdi. “O‘zbekistonda agar qurilish normalariga rioya qilinsa, istalgancha balandlikdagi binoni qursa bo‘ladi”, dedi akademik.

Avvalroq Qurilish vazirligi ham ko‘p qavatli uyning yoriqlari zilzila bilan bog‘liqligini rad etgandi.