Toshkentning Sergeli tumani Fayzli ko‘chasida 19 mart kuni kechga yaqin beshta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, bir necha kishi jabrlandi.

Internetda avariya oqibatlari aks etgan videolavhalar paydo bo‘ldi. Ularda odamlarning avariyaga uchragan mashinalardan jabrlanganlarni chiqarib olayotganlari aks etgan.

O‘zbekiston IIV YHXBning xabar berishicha, YTHda Lacetti, Labo, Malibu, Nexia 3 va Captiva avtomobillari to‘qnashgan.

Tasvirlarda Lacetti old va Labo orqa tomondan jiddiy shikastlanganini ko‘rish mumkin. Boshqa mashinalarga ham katta zarar yetgan.

YHXBning ma’lum qilishicha, Lacetti va Labo haydovchilari va yo‘lovchilari jarohat olgan, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yetkazilgan. Jabrlanganlarning aniq soni aytilmagan.