Renessans TV jurnalisti Toshkentdagi «Milliy» stadioni yaqinida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan OAV ishiga to‘sqinlik qilingani va kuch ishlatilgani haqida xabar berdi. Keyinchalik bu ma’lumot Renessans TV Telegram kanalidan olib tashlandi.

17 mart kuni stadion yaqini O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari o‘rtasidagi 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tadigan Osiyo kubogi final uchrashuviga chipta sotib olmoqchi bo‘lgan fuqarolar bilan to‘ldi. O‘yin 18 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Telekanalning xabar berishicha, odamlar kassalarda chipta sotib olish uchun bir necha soat navbat kutib, quyosh ostida qolib ketgan. Kishi boshiga sotiladigan chiptalar soni faqat bitta ekaniga qaramay, olibsotarlarning qo‘lida elliktalab chiptani ko‘rish mumkin edi.

Renessans TV huquq-tartibot idoralari xodimlari telekanal muxbiri Sardorbek Isroilovga nisbatan «kuch ishlatgani», «qo‘pol muomala qilgani, kamera ishlatilishiga qarshilik ko‘rsatgani»ni bildirdi.

Poytaxt IIBB munosabati

renessans tv, u-20 осиё kubogi, jurnalistiка, иио xodimlari, футбол

Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi final o‘yiniga chiqish istagida bo‘lgan muxlislar soni stadiondagi o‘rindiqlardan ancha ko‘pligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, stadionning o‘zida final o‘yinini tomosha qilish uchun chipta sotib olishga kelgan ishqibozlar 17 mart kuni «Bunyodkor» stadionidagi kassa oldida juda ko‘p to‘planib ketgan. Kassa oldiga jamoat tartibini saqlash maqsadida IIO xodimlari jalb etilib, uning oldi panjaralar bilan to‘silgan hamda fuqarolar navbat bilan kirishi ta’minlangan.

«Biroq soat taxminan 14:30 da Renessans TV telekanali muxbiri va teleoperatori IIO xodimlari tomonidan to‘silgan panjaradan oshib o‘tgan, bu esa boshqa fuqarolarning qattiq e’tiroziga sabab bo‘lgan. Jamoat tartibini saqlash va fuqarolarni tinchlantirish maqsadida muxbir va teleoperatorga panjaradan tashqariga chiqishi lozimligi tushuntirilgan. IIO xodimlari tomonidan muxbir hamda teleoperatorga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilmagan va telekanal texnikasiga shikast yetkazilmagan», — deyiladi munosabatda.

IIBB OAV vakillarining huquqlari qonun bilan kafolatlanishini ta’kidlab o‘tdi.

«Lekin huquq bor joyda majburiyat ham borligini unutmang. IIO xodimlarining asosiy vazifalaridan biri jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdir. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan ham o‘zingiz ko‘rib guvoh bo‘lganingizdek, stadion kassalari oldida ko‘plab fuqarolar to‘planib ketgan, navbatsiz chipta olishga bo‘lgan urinishlar esa ayanchli yakun topishi mumkin edi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining o‘z vaqtida aralashuvchi sababli kassa oldida jamoat tartibi buzilishiga yoki boshqa huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi», — deya ma’lum qildi bosh boshqarma.

Poytaxt IIBB «xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishni» so‘radi.

Ma’lumot uchun, Renessans TV 2021 yilning sentabrida ochilgan. O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi muassis hisoblanadi.

2022 yil iyun oyida ham Toshkentdagi «Bunyodkor» stadioni yaqinida yuzlab muxlislar U-23 Osiyo kubogi final uchrashuviga chipta sotib olishga yig‘ilgandi. Odamlarning to‘planishi tartibsizliklarga olib kelgan. Huquq-tartibot idoralari ularni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgani xabar qilingan, biroq Milliy gvardiya maxsus texnika va kuch qo‘llanganini rad etgan.