Vayner Dili.me va uning sheriklariga fuqaroni kaltaklagani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

23 yanvar kuni Dili.me nomi bilan tanilgan vayner Dilshod O‘razboyev sheriklari bilan «jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan», fuqaro P.A.ni urib, tan jarohati yetkazganlikda gumonlanmoqda. Holat yuzasidan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi bir necha marotaba chaqirtirilishiga qaramasdan, tergovga kelishdan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan», — deyiladi xabarda.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida u 10 mart kuni ushlanib, tergovga jalb qilingan. Hozirda tuman IIO tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Dilshod O‘razboyevning kuyovi (singlisining eri) kaltaklangan.

Agar sudda ayblov o‘z isbotini topsa, gumonlanuvchilar bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha (15 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.