Pokistonning Xarian shahrida «Jamoaviy ruh» 6-xalqaro armiya o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi, deya xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Musoboqada 11 ta xorijiy davlatdan harbiy va maxsus xizmatlar jamoalari ishtirok etdi. Bahslar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlarni Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston va Tailand jamoalari band etishgan.

O‘zbekiston harbiylari 2021 va 2022 yillarda ham mazkur bahslarda bosh sovrinni egallagan. Bo‘lib o‘tgan musobaqalar jangovar jarayonlarga yaqin bo‘lgan qiyin vazifalar, mahorat va maxsus ko‘nikmalarni talab qiluvchi topshiriqlardan tashkil topgan.

Pokiston Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni general Asim Munir O‘zbekiston jamoasi rahbari — O‘zbekiston Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘iga musobaqa bosh sovrini va mukofotlarni topshirdi.

«O‘zbekiston terma jamoasi yana bir bor yuqori professionalizm va yuksak harbiy tayyorgarlikka ega ekanligini namoyish etdi. Armiya musobaqalarida O‘zbekistonning doimiy ishtirok etib kelayotganidan biz juda xursandmiz», — dedi general Asim Munir.