Yevropa Ittifoqi ilg‘or Yevropa texnologiyalari va Rossiya Ukrainada harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa «ikki maqsadli» tovarlar importini keskin oshirgan mamlakatlarga murojaat qilmoqchi. Bu haqda The Bloomber nashri masaladan xabardor odamlarga tayanib xabar bermoqda.

Murojaatdan ko‘zlangan maqsad savdo monitoringini kuchaytirish va sanksiyalangan tovarlarning Rossiyaga yetib borishini aniqlashdan iborat.

Gap savdo oqimlari haqida qo‘shimcha ma’lumot to‘plash va ularning yaxshilangan kuzatuvi haqida ketmoqda. Nazorat harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan yuzlab sanksiyalangan tovarlar va texnologiyalarga ta’sir qiladi, dedi manba.

YeI va G7 davlatlaridan (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSh) Rossiyaga ilg‘or yarimo‘tkazgichlar, integral mikrosxemalar hamda boshqa texnologiyalar eksporti sanksiyalar va eksport nazorati joriy qilinganidan keyin sezilarli darajada qisqardi. Ammo YeI va G7dan Turkiya, BAA, Qozog‘iston hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning o‘nlab boshqa mamlakatlariga yuk tashish hajmi keskin oshdi. O‘z navbatida, bu davlatlar Rossiyaga eksport hajmini keskin oshirdi.

So‘nggi oylarda Yevropa Ittifoqi yangi sanksiyalarni qabul qilishga emas, balki allaqachon qabul qilingan cheklovlarni chetlab o‘tishga qarshi kurashga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Shu hafta Turkiya bojxonachilari sanksiyalangan tovarlar tranzitini to‘sib qo‘yishni boshladi va bunga Rossiya logistika kompaniyalarining turk hamkorlari fikricha, «yevropaliklarning jiddiy bosimi» sabab bo‘ldi, deb yozadi The Bell. Biroq Bloomberg suhbatdoshlaridan biri kelajakda mahsulotlarni reeksport qilish imkoniyatini istisno qilmaydi.

Shu oy boshida AQSh rasmiylari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etib, shubhali tranzaksiyalarga e’tibor qaratishga chaqirgan edi. Jumladan, tovarlarni bir qator davlatlar, xususan, O‘zbekiston orqali yetkazib berish, xaridorning mahsulotdan yakuniy foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishni istamasligi va boshqalar.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha vakili Devid O’Sallivan avvalroq YeI AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa ittifoqchilar bilan birgalikda kompaniyalarning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Rossiyaga qo‘shni davlatlarga eksport hajmining keskin oshishini tekshirayotganini aytgan edi.

Qozog‘iston hukumati vakili ayblovlarga javoban Qozog‘istondagi aniq kompaniyalarning G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun foydalanilgani haqida hech qanday dalil yo‘qligini aytdi. Armaniston hukumati «sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlarning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishi»ga ishontirdi. Qirg‘iziston hukumati nashr so‘roviga javob bermadi.

2022 yil oxirida Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi sifatidagi o‘rnini mustahkamlandi. Rossiya bilan savdo aylanmasi 22,9 foizga oshib, 9,28 milliard dollarni tashkil etdi. Rossiya Federatsiyasiga eksport hajmi 46,8 foizga (2021 yilda o‘sish 33,4 foizni tashkil etgan) 3,07 milliard dollarga, import esa 13,7 foizga oshib, 6,2 milliard dollarga yetdi.

O‘zbekistondan energiya ishlab chiqaruvchi mashina va uskunalar eksporti 5,1 barobar (172,9 mln dollar), sanoat uchun maxsus bo‘lmagan mashinalar va uskunalar, mashina qismlari eksporti 2,8 barobar (81,6 mln dollar)ga o‘sganini alohida ta’kidlash joiz. Statistik ma’lumotlarda ushbu mahsulotlar qaysi mamlakatlarga yetkazib berilgani ko‘rsatilmagan.