Toshkent viloyatidagi 2-sonli Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yangi avtobus yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar berdi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi vaqtinchalik ko‘chirilgani jamoat transporti mavjud bo‘lmagani yuzasidan shifoxona xodimlari va bemorlar tomonidan bir necha bor shikoyat qilingan.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘li Sergeli 5-bekatidan poliklinikagacha bo‘lgan masofa 6,9 kilometrni tashkil etadi.

Hozirgi kunda metro bekatidan Zangiotadagi klinikaga qadar 154-sonli yo‘nalish ishlab chiqilib, tenderga qo‘yilgan. Yo‘nalish tender o‘tkazilgandan so‘ng 21 martgacha ishga tushiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi Maxsuslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi binolarida isitish tizimining butunlay yaroqsiz holga kelib qolgani va xonalar ta’mirtalab ahvolda bo‘lgani sababli 2-son Zangiota kasalxonasiga ko‘chirilgandi.