Nukus shahridagi gaz portlagan 4 qavatli uy vayronalaridan qutqarib qolingan 5 yoshli Tirnakova Elvira shifoxonada vafot etdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Elvira Tirnakova 30 yanvar kuni vayronalar ostidan olib chiqilib, soat 2:32 larda shifoxonaga yotqizilgan. 8 mart kuni soat 1:20 lar atrofida biologik o‘lim holati qayd etilgan. Bunga o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.

Elvira shu kunga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog‘iston filialida davolangan.

Marhuma qizchaning tibbiyot varaqachasida yopiq miya shikastlanishi, miya chayqalishi, burun, yuqori labda ko‘karishlar, ikkila oyoqning pastki qismi shikastlanishi yozilgan. Bundan tashqari, davolash davomida qizchada anuriya bosqichida o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, og‘ir endogen intoksikatsiyasi, sepsis, toksik miokard, toksik gepatit, organlarning yetishmovchiligi kuzatilgan.

gaz portlashi, нукус

Elvira Tirnakova va uning buvisi Nurzada Utambetova.

Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni soat 16:15 atrofida Nukus shahri «Temir jol» MFYda joylashgan 4 qavatli uyda havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgandi. 30 yanvar kuni FVV vayronalar tagidan 5 yoshli Tirnakova Elvira qutqarib olinganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq «Gazeta.uz» qizchaning buvisi Nurzada Utambetova gaz portlashi sabab vafot etgani haqida xabar bergandi. Shuningdek, mahalliy nashrlarning xabar berishicha, ushbu oilada yana ikki kishi — qizchaning onasi va 100 kunlik o‘g‘il bola chaqaloq ham portlash oqibatida vafot etgan.