Avvalroq O‘zbekiston Konstitutsiyasi (amaldagi tahriri)ning 29-moddasini «axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatini himoya qilish maqsadida cheklash» bilan to‘ldirish taklif etilayotgani haqida yozgandik. Bu jamoat faollarining e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.

Qonunchilik palatasining 10 martdagi majlisidan so‘ng, quyi palata matbuot kotibi, deputat Odiljon Tojiyev ushbu taklif o‘zgartirilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi jumladan ma’naviyat so‘zi olib tashlandi, uning o‘rnini esa «ijtimoiy ahloq» tushunchasi egalladi.

Shunday qilib, yangi moddalar hisobiga, Konstitutsiyaning 33-moddasiga aylangan mazkur norma quyidagicha ko‘rinishga keldi:

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat Internet tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.

Deputatning keltirishicha, mazkur tushuncha amaldagi qonunchiligimizda ham, xalqaro hujjatlarda ham mavjud. U misol tariqasida BMTning «Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida»gi xalqaro pakti 19-moddasini keltirgan. «Uning 3-bandida esa davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki axloqini (ingliz tilida «public health or morals», rus tilida «zdorovya ili nravstvennosti naseleniya» so‘zlari ishlatilgan) yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur bo‘lganda ushbu huquqlar qonun bilan cheklanishi mumkinligi aniq yozib qo‘yilgan», — deb yozadi quyi palata vakili.

Munosabatlar

Huquqshunos Bahodir Ahmedov ushbu o‘zgarishdan juda xursandligini ma’lum qildi.

«Konstitutsiyaviy norma sifatida „ma’naviyat“ degan jumla kiritilishiga keskin qarshi chiqqandim. Ochig‘ini aytaman shu jumlani deb meni ancha tushkun kayfiyat egallagandi. Chunki bu so‘z erkinligi, umuman erkinlikka jiddiy xavf edi. Konstitutsiyaviy komissiya jamoatchilik e’tirozini inobatga olib „ma’naviyat“ so‘zi „axloq“ so‘ziga almashtirilibdi. Maaaazzzza!», — deb yozdi u.

«Axloq tushunchasi tushunarli va ijobiy ahamiyatga egaligi rost. Biz bu so‘zni ko‘proq ishlatishimiz kerak. Eng katta axloqiy prinsipga misol bu qonunlarga itoat, tabiatga hurmat, shaxsning xuquqlarini hurmat qilish. Jarayon bunday o‘zgarib ketishi xursand qildi», — deya qo‘shimcha qildi bloger.

Tilshunos, jurnalist va bloger Eldar Asanov bunga munosabat bildirar ekan, shunday dedi: «Axloq ham aniq ta’rifi yo‘q, hamma har xil tushunadigan narsa, lekin, harqalay, xalqaro qonunchilikda va jahon tajribasida bor».

«Lekin «mana reaksiyamiz ta’sir qildi, jamoatchilik nazorati g‘alaba qozondi» deb maza qilish (https://t.me/bahodirahmedoff/8561) o‘rniga bir narsani o‘ylab qoldim: ko‘zimiz tushib qolgan bir so‘zni tanqid qildik, o‘zgardi. 27 ta yangi modda 159 ta yangi norma kiritilayotganini (https://t.me/alisherQodir/2075) inobatga olsak, ularni jamoatchilik tugul hech yo‘q mutaxassislar o‘rganib, fikr aytdimi? «Ma’naviyat»ga o‘xshagan kelajakda qatag‘onlarga sabab yoki taraqqiyotga, demokratiyaga to‘siq bo‘ladigan normalar kirib qolmayaptimi?» — deya savol bilan yuzlandi tilshunos.

«Ochig‘i, tizim yaxshi ishlamaydigan, bir olam yozilgan va yozilmagan cheklovi bor bizning mamlakatda bu kabi siyosiy voqealarga qanday reaksiya qilishniyam bilmaydi odam. Yangi loyihani batafsil o‘rganib chiqib, muhokama qilish, e’tirozlarni aytish kerakmi? Takliflar berish kerakmi? Umuman yangi konstitutsiya kerak emas deb hisoblasak-chi? Qarshi ovoz beramizmi? Yoki umuman ovoz bermay, panada kutib turgan ma’qulmi? Bu yo‘llardan qay biri real natija beradi?» — deydi Eldar Asanov.

Eslatib o‘tamiz, 10 mart kuni deputatlar «O‘zbekiston Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni qabul qildi. Mazkur o‘zgartirishlarni tasdiqlash uchun esa yangi Konstitutsiya umumxalq referendumiga qo‘yiladi, u 30 aprel — yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi.