7 mart kuni Sirdaryo tumanidagi «Qolgansir» davlat o‘rmon ov xo‘jaligida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati.

Yong‘in yuzasidan tuzilgan viloyat boshqarmasi va tegishli xodimlardan iborat ishchi guruh o‘rganishi davomida 10 gektar yer yongani ma’lum bo‘lgan. Shundan 2 gektar maydondagi mavjud manzarali daraxtlar tegishli tartibda xatlovdan o‘tkazilgan.

Xususan, jami 4 turdagi 294 dona manzarali daraxt o‘sishdan to‘xtash, 4 turdagi 217 dona manzarali daraxt esa o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlangan. O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblanganda 494 million 940 ming so‘mni tashkil etdi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, yong‘inning kelib chiqishiga «Sholikor» va «Sindorobod» suv iste’molchilari uyushmalari (SIU) hududida faoliyat olib boruvchi 35 nafar fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan sholidan bo‘shagan yerdagi o‘simlik qoldiqlarining yoqib yuborilgani sabab bo‘lgan va oqibatda jami 311,7 gektar dala yer maydoni yongan.

Yong‘in oqibatida yerning unumdor qatlamidagi ball boniteti pasayishiga sabab bo‘lgan holatlar bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar qilinib, 295 million 627 ming so‘m zarar miqdori belgilangan. Yuqoridagi holatlar bo‘yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilmoqda.