Xitoyning avtobus ishlab chiqaruvchi King Long kompaniyasi O‘zbekistonga 200 ta 18 metrli avtobus yetkazib beradi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xiamen King Long United Automotive Industry Co., Ltd kompaniyasi va «Toshshahartransxizmat» AJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan 200 dona King Long rusumli o‘ta katta sig‘imli avtobusni ishlab chiqarish ishlari davom etmoqda.

Prezidentning 2023 yil 16 fevraldagi «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobus hamda 300 dona 12 metrli elektrobus xarid qilish belgilangan.

Kompaniya tomonidan 18 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslarning dastlabki partiyasini ishlab chiqarish jarayonlari yakunlandi. Mazkur avtobuslar mart-may oylari davomida O‘zbekistonga yetkazib berilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga (2022 yil 3 fevral) ko‘ra, 2025 yilgacha poytaxtda 1063 ta yangi avtobus harakatlanishni boshlashi, ulardan 53 tasi 2023 yilda harakatga tushiriladigan katta sig‘imli 18 metrli avtobuslar bo‘lishi haqida xabar bergandik. Ushbu «garmoshkali avtobuslar» poytaxtning 11 ta magistral yo‘nalishida harakatlanishi reja qilingandi.

Ta’kidlanishicha, transportning qayrilish darajasi yo‘lning parametrlariga to‘g‘ri kelishi uchun avtobusning o‘rtasi «garmoshkali» tarzda bo‘ladi.