O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 2 mart kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga bolani xorijda nazoratsiz qoldirganlik uchun sanksiyalar va jazoni belgilovchi o‘zgartirishlarni ma’qulladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 47−6-modda bilan to‘ldirilmoqda:

O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan bolani otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs chet davlat hududida bolani nazoratsiz qoldirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 10 baravaridan 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bunday ishni ko‘rib chiqishda sud ushbu ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga ko‘pi bilan 30 kun ichida bolani O‘zbekistonga qaytarish yoki huquqbuzarlikni bartaraf etish choralarini ko‘rish majburiyatini yuklaydi. Ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi yoki hamroh bo‘lgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, bu muddat yana 30 kunga uzaytirilishi mumkin.

Jinoyat kodeksi 122−1-modda bilan to‘ldiriladi. Bunda ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan yoki bolaning O‘zbekistonga qaytarilishini ta’minlanmagan holatda xuddi shunday qonun buzilishi uchun jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yilgan.

Bu 50 dan 100 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bu xatti-harakat takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan yoxud badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazgan bo‘lsa, 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bu harakat o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lib, jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq 2022 yilda chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan 43 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.