Toshkent shahri Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan bloger Farhod Mannopovning vafot etgani yuzasidan tekshirish o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, ko‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Tergov o‘tkazish yo‘li bilan qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq bloger Farhod Mannopov vafoti bo‘yicha shifokorlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, MittiVine taxallusi bilan ijod qilib kelgan 27 yoshli taniqli vayner va bloger 5 martga o‘tar kechasi vafot etgan.

Vaynerning Instagram sahifasidagi (MittiVine) obunachilari soni 1,2 milliondan ortiqni tashkil etadi. Uning do‘sti, hajviy videolarda birga ko‘rinish beradigan Ulug‘bek Shodibekov (mitti.me) Farhod Mannopovning vafoti yuzasidan post qoldirgan.