Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi «Solixov Olimjon Fazliddinovich» xususiy korxonasiga qarashli 3 ta AGQKSHda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida davlat manfaatlariga jami 11 milliard 847 million 744 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Qayd etilishicha, shoxobchalarda tabiiy gaz yashirin ravishda tolon-toroj qilingan.

Xususan, korxonaning AGQKSH (avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchasi) filialida 2 dona Kwangshin Geo-350 rusumli kompressor o‘rnatilgan. Bu kompressorning soatlik gaz sarfi 2000 metr kubni tashkil etib, buning oqibatida 2022 yilning 1 noyabr kunidan 2023 yil 10 fevral kuniga qadar bo‘lgan davrda 3 milliard 493 million 218 ming so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilingan.

Shuningdek, yana bir filialda 2 dona Sichuan Zw-4.36/3−250 rusumli kompressor o‘rnatilgan. Bu kompressorning soatlik gaz sarfi ham 2000 metr kubni tashkil etadi. Buning oqibatida 2022 yilning 10 sentabr kunidan 2023 yil 10 fevral kuniga qadar bo‘lgan davrda 5 milliard 774 ming 443 so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, korxonaga qarashli yana bir AGQKSH filialida 2 dona Sichuan Zw-4.36/3−250 rusumli kompressor o‘rnatilgan. Bu kompressorning soatlik gaz sarfi ham 2000 metr kubni tashkil etadi. Buning oqibatida 2022 yilning 13 sentabr kunidan 2023 yil 10 fevralgacha bo‘lgan davrda 2 milliard 580 million 83 ming so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilingan.

To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, «Solixov Olimjon Fazliddinovich» xususiy korxonasi mansabdor shaxslarining harakatlarida juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik sodir etishda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangani aytilmoqda. Ushbu xususiy korxona mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura Buxoro viloyatidagi 3 ta metan gaz quyish shoxobchasida 26,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilinganini aniqlagandi. Holat yuzasidan «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti korxonasi va shoxobchalar mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.