Hindistonda «Dok-1 Maks» yo‘tal siropini ishlab chiqaruvchi Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining uch nafar xodimi qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish va sotishda ayblanib hibsga olindi, deya xabar berdi Press Trust of India.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 20 nafar bola to‘satdan buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan, ularning barchasi «Dok-1 Maks» siropini qabul qilgan. Ushbu preparat partiyasida me’yordan 300 barobar ko‘p miqdorda zaharli modda bo‘lgan etilenglikol aniqlangan.

«Hibslar 2 mart, payshanba kuni Marion Biotech kompaniyasining besh nafar mansabdor shaxsiga, shu jumladan uning ikki direktoriga nisbatan Dori vositalari standartlarini nazorat qilish bo‘yicha markaziy tashkilot inspektori shikoyati bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atilganidan so‘ng amalga oshirildi», — deyiladi agentlik xabarida.

Politsiya, shuningdek, kompaniyaning yana ikki menejeri hamon ozodlikda ekani, ularni hibsga olish uchun qidirilayotganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston hukumati o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Marion Biotech qarshi ish ochgan edi.