2023 yilning fevral oyi davomida Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 1159 ta holatda 51,6 mln kVt-soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Buning oqibatida tizimga 23,2 mlrd so‘m zarar keltirilgan. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 258 mingta xonadonning bir oylik elektr energiyasi iste’molini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari Samarqand, Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Masalan, Samarqand viloyatidagi «D.S.A.» MCHJda 7,6 mlrd so‘m, Namangan viloyatidagi «I. J.» MCHJda 646 mln so‘m, Buxoro viloyatidagi «M.Z.S.» fermer xo‘jaligida 428 mln so‘m miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.

«Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Nazorat tadbirlari davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Taqqoslash uchun, yanvar oyida O‘zbekistonda 33 mingdan ortiq xonadonning bir oylik iste’moliga teng bo‘lgan 5,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 511 ta holat aniqlangandi.

2022 yil dekabr oyida esa raqamlar 15,7 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilganini ko‘rsatgan. Bu Sirdaryo viloyati aholisining bir haftalik elektr iste’molini tashkil qiladi.