Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Mirobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida avtobus haydovchilarining o‘zaro janjallashgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Holat yuzasidan tuman IIO tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 93-sonli avtobus va 617-sonli avtobus haydovchisi harakat vaqtida bir-biri bilan yo‘lovchi talashib o‘zaro janjalashgan. Janjal oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.

Ularga nisbatan Mirobod tumani IIO tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan chora ko‘rilgan.

Ma’lumot uchun, yuqorida ko‘rsatilgan holat bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni Toshkent shahrida 28- va 155-sonli avtobus haydovchilari yo‘lovchi talashib mushtlashgandi va ularga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgandi. 2 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi qarori bilan fuqarolar osoyishtaligini buzib, mayda bezorilik sodir qilgani uchun ularning har biriga 7 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.