O‘zbekiston boks federatsiyasi ayrim mamlakatlarning may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan erkaklar o‘rtasidagi boks bo‘yicha jahon chempionatini boykot qilish haqidagi bayonotlariga o‘z pozitsiyasini bildirdi.

«Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan tashkil etiladi. O‘zbekiston tomoni musobaqada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatlarning qatnashish yoki qatnashmasligini belgilash vakolatiga ega emas. O‘zbekiston musobaqani o‘tkazuvchi davlat hisoblanadi va tashkiliy masalalar bilan shug‘ullanadi. Chempionat qatnashchilari, terma jamoalar, sportchi va murabbiylar, hakamlarni ro‘yxatdan o‘tkazish IBA tomonidan amalga oshiriladi», — deyiladi federatsiya xabarida.

Shuningdek, hisobotda O‘zbekiston musobaqani qabul qilish huquqini qo‘lga kiritgan vaqtda terma jamoalar yoki sportchilarning xalqaro turnirlardagi ishtiroki bo‘yicha bugungi cheklovlar yo‘q bo‘lgani aytildi.

«O‘zbekiston xalqaro sport normalariga rioya qiluvchi davlat bo‘lib, sport siyosatdan xoli tamoyilini qo‘llab-quvvatlaydi», — deya ta’kidlaydi federatsiya.

Avvalroq ayrim davlatlar O‘zbekiston va Hindistonda bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha jahon chempionatiga rossiyalik sportchilar qatnashishi va davlat bayrog‘i ostida ishtirok etishi mumkinligi sababli boykot qilish istagini bildirgandi.

Shuningdek, Qozog‘iston terma jamoasi chempionatda ishtirok etishdan bosh tortmasligi haqida xabar berilgandi.