Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasida poytaxt ichki ishlar organlari xodimlari hamda shahar va tuman xalq ta’limi boshqarmalari vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, unda bolalar o‘g‘irlanishi haqidagi feyk xabarlar muhokama qilindi, deb xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan beri bolalarni o‘g‘irlashga urinish bo‘yicha 6 ta xabar kelib tushgan, biroq ularning hech biri tasdiqlanmagan.

«Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 5 yil davomida poytaxtda bolalar o‘g‘irligi fakti bo‘yicha birorta ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani yo‘q», — deyiladi xabarda.

Ichki ishlar bosh boshqarmasi «ota-onalar tashvishlanishining oldini olish va bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida» Toshkent shahridagi barcha maktablarga ichki ishlar organlari xodimlari biriktirilganini ma’lum qildi. Maktablar atrofidagi hududlar, ayniqsa, qorong‘i ko‘chalarda muntazam patrul xizmati tashkil etildi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari ertalab soat 7:00 dan va kunduzi maktab hududida bo‘lib, ta’lim muassasalaridagi vaziyatni nazorat qiladi. Patrul xizmati xodimlari kunduzi maktablar atrofidagi ko‘chalarda patrullik xizmatini olib boradi.

Maktablarda ishlaydigan psixologik-inspektorlar har bir sinfning ota-onalari bilan bog‘lanish uchun maktabdagi barcha Telegram guruhlariga qo‘shiladi, buning natijasida ota-onalar har qanday shubhali xabarlar bo‘yicha ulardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.

31 yanvar kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgani haqida xabar berilgandi. Shundan beri bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, ularni o‘g‘irlash kabi holatlar jamoatchilik e’tibor markazida turibdi.