Senatning 37-yalpi majlisida tibbiyot xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilgan shaxslarni jarimaga tortish yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazosini belgilash bo‘yicha qonun ma’qullandi. Bu bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritiladi.

Endilikda biror bemor yoki uning yaqin qarindoshlari tibbiyot xodimini sog‘liqning yomonlashishida yoki o‘limda asossiz ravishda ayblasa, shuningdek, hech bir sababsiz shifokorlarga va o‘rta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilsa, BHMning 5−7 baravarigacha (2,1 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslar esa 7−10 baravarigacha (3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima to‘laydi. Yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishi mumkin.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-prim 7-moddasida tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ushbu kodeksning 305-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish muddati 3 sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu konunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilib, ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini oladi. Shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlarga hujumlar uchun jinoiy javobgarlikni belgilashni 2019 yildayoq taklif qilgandi. Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan loyihada fuqarolarning shifokorlarga qilgan hujumlarini og‘irlashtiruvchi holatlar bilan bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilish nazarda tutilgan. Ushbu moddadagi eng og‘ir jazo 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir.

«Mavjud qonunchilikda o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga hujum qilish va ularga tan jarohati yetkazish uchun nisbatan yengil jazo belgilangan», — degan o‘sha paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev. «Oqibatda aybdorlar ba’zan jazosiz qolmoqda».