1 mart, chorshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Rossiya prezidentining birgina qarori bilan to‘xtatilishi mumkin, deya ta’kidladi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken. Shuningdek, u Xitoyning ushbu mojaroni hal qilish bo‘yicha takliflari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Hech kim Ukraina xalqichalik tinchlik bo‘lishini intiqlik bilan kutayotgani yo‘q. Ular har kuni rus agressiyasi qurboniga aylanmoqda. Agar kecha tinchlikka erishilganida, ular ham, biz ham buni qabul qilardik. [Vladimir] Putin agressiyalari oqibatlaridan jabr ko‘rayotgan dunyo mamlakatlarida ham shunday kayfiyat bo‘lardi. Ammo endi oddiy haqiqat hammamizga ayon bo‘ldi: urush ertaga tugashi mumkin. Prezident Putin agar shuni istasa, urush bugun yakunlanishi ham mumkin. Buni u boshladi va to‘xtata oladigan ham u. Hammasi oddiy. Biz bu haqiqatni hech qachon e’tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak», — dedi davlat kotibi The New York Times muxbirining turli mamlakatlarning tinchlik muzokaralariga chaqiruvlari bo‘yicha AQSh pozitsiyasi haqidagi savoliga javob berar ekan.

«Hech kim tajovuzkorlar va bu bilan bir paytda qurbonlar borligini unutmasligi kerak. Ular o‘rtasida tenglik belgisini chizish yoki tinchlikka kim ko‘proq intilayotgani haqida o‘ylash, menimcha, juda noto‘g‘ri», — dedi Entoni Blinken.

«Agar Rossiya, prezident Putin agressiyani to‘xtatishda diplomatiyaga chin dildan tayyor bo‘lganida edi, albatta, biz bu borada birinchilardan bo‘lib birgalikda ishlagan bo‘lardik. Ammo buning uchun hech qanday dalil yo‘q. Aksincha, hamma narsa buning aksini ko‘rsatadi. Prezident Putinning o‘zi aytgan ommaviy bayonotlarga quloq tuting, u Ukraina hududlarini boy berganini tan olmaguncha, bu haqda gapirishga ham hojat yo‘q, degan. Boshqacha aytganda, Ukraina tomoni o‘zining egallab olingan hududlari Rossiyada saqlab qolinishini tan olmaguncha, ular hatto muloqotga kirishmaydi. Bu vaziyatdan chiqish yo‘li emasligi aniq. Va bu nafaqat Ukraina yoki biz uchun, balki dunyoning barcha mamlakatlari uchun shunday bo‘lishi kerak», — dedi AQSh davlat departamenti rahbari.

Entoni Blinken Markaziy Osiyo davlatlari ham shunday pozitsiyada ekani haqida fikr bildirdi.

«Menimcha, bunday pozitsiya, albatta, har bir davlat o‘zining hududiy yaxlitligi, suvereniteti, mustaqilligi haqida qayg‘urayotgan, juda qiyin yo‘l bilan erishilgan Markaziy Osiyoda aks-sado beradi», — dedi u.

Davlat kotibi urushdan keyin dunyo qanday bo‘lishi kerakligi haqida ham gapirdi.

«Asosiy savol shundaki, Rossiya haqiqatan ham o‘z agressiyasini to‘xtatishga va buni BMT nizomi va uning tamoyillariga muvofiq amalga oshirishga tayyor bo‘ladimi? Butun dunyoda eshitayotgan va BMT Bosh assambleyasi tomonidan 141 davlat tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada ko‘rayotgan narsangiz tinchlikka bo‘lgan kuchli intilishdir», dedi u.

Entoni Blinken Xitoyning Ukraina zaminida tinchlikka erishish bo‘yicha takliflariga ham to‘xtalib o‘tdi. «U yerda ba’zi ijobiy jihatlar bor, jumladan, oldin Xitoyning o‘zi bir necha bor aytgan so‘zlari yoki Ukrainaning o‘zida mavjud bo‘lgan takliflar», — dedi u.

«Ammo Xitoy haqiqatan ham suverenitetning birinchi tamoyiliga jiddiy qaraganida edi, o‘tgan yili Ukraina suverenitetini to‘liq tiklashni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardi. Xitoy esa buning teskarisini qildi, o‘zi Rossiyaning urush haqidagi propagandasi va dezinformatsiyasi targ‘ibotini olib bordi, xalqaro tashkilotlarning Rossiya manfaatlari yo‘lidagi faoliyatiga to‘sqinlik qildi. Ayni paytda, oldin ma’lumot berganimizdek, Xitoy Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, bu esa halokatlarga sabab bo‘lishi mumkin», — dedi AQSh davlat departamenti rahbari.

«Xitoy ikkala tomonda ham o‘ynay olmaydi. U Vladimir Putin yoqqan olov alangasini yoqishda davom etar ekan, o‘zini tinchlik tarafdori bo‘lgan kuch sifatida ko‘rsata olmaydi», — dedi Entoni Blinken.