Davlat xavfsizlik xizmati va uning hududiy boshqarmalari joylarda korrupsiya va firibgarlikda gumonlangan mansabdorlarni qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda xizmat matbuot xizmati.

Xususan, Toshkent shahri boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi xodimlari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali mansabdor shaxsini fuqarodan pora tariqasida 10 ming dollar olgan vaqtida ushlagani aytilmoqda.

U pullarni fuqaroni filialga bo‘lim boshlig‘i lavozimiga ishga qabul qilish va uning ilmiy ishini kengashga kiritib, himoya qilishida yordam berish evaziga olgan, — deyiladi xabarda.

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limi mansabdor shaxsi fuqaroga nisbatan Toshkent shahri Uchtepa tumani IIO tergov bo‘limi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berishini aytgani, buning evaziga 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangani ta’kidlandi.

Shuningdek, Uychi tumani hokimligi yuristkonsulti mahalliy fermer xo‘jalik rahbaridan 5 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgani ma’lum qilindi. Aniqlanishicha, u iqtisodiy sudda ko‘rib chiqilayotgan xo‘jalikning yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olish masalasini fermer foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.