2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi imzolandi. Unda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini «shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun» g‘oyasi asosida isloh qilish rejalashtirilgan.

Xususan, 2023 yil 1 apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.

2023 yil 1 dekabrdan boshlab transport vositasining egasiga transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqini o‘tkazgani haqida xabardor qilish huquqi beriladi.

Bunda xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, muhokamaga qo‘yilgan 2023 yilgi davlat dasturiga muvofiq, 1 iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 60 kilometrgacha tushirilishi ko‘zda tutilgandi.

Shuningdek, 17 yanvar kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi bayoni bilan Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahar va viloyatlarning ayrim hududlarida transport vositalarining harakat tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilangan (hududlar ro‘yxati).

Yo‘l-transport hodisalari yiliga 4 mingga yaqin o‘lim holatlari bilan yakunlanadi. Tahlillarga ko‘ra, tezlikni 10 kilometr soatga tushirish o‘lim holatlarini kamida 15 foizga kamaytirishga olib keladi.

Masalan, Toshkent shahrida 2022 yilda 1200 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan, bu 2021 yildagi holatlardan (1073) qariyb 130 taga ko‘p. Ushbu davrda yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 136 nafarini tashkil etadi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi Toshkentning Kichik halqa yo‘li ichidagi hududlarda transportlarning harakat tezligini 70 kmdan 60 kmgacha pasaytirishga oid qarorni qabul qilgan.