Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 fevral, dushanba kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, so‘nggi 3 yilda energetika sohasiga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi. Navoiy va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. 2023 yilda 18 ta shunday stansiyalar barpo etilmoqda. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payadi.

Prezidentning 16 fevraldagi qarori bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha dastur qabul qilingan. Jumladan, “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilib, unga dastlabki 10 million dollar yo‘naltirildi.

Mazkur dasturga ko‘ra, 2023 yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida 220 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 1 ming 300 Megavatt va yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar tomida 15 Megavatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilishi aytildi. Bu borada Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Navoiy va Samarqandda faol ish boshlagani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yangi ko‘p qavatli uylar tomlarining bo‘sh qismining kamida 50 foiziga quyosh batareyalarini o‘rnatish talabi joriy etilgan. Shuningdek, uylarga kichik quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi boshlanadi. 2023 yilda 37 ming aholi xonadoniga panellar o‘rnatish rejalashtirilgan. Yagona elektr energetika tizimiga o‘tkazilgan har bir kVt/soat uchun 1000 so‘m subsidiya ajratiladi.