️Namangan tumanida Damas avtomobilida 25 nafar bola olib ketilayotgani aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Haydovchi holatni izohlar ekan, u har kuni bolalarni bog‘chadan olib qaytishi, shu safar ularning soni ko‘payib ketganini bildirdi.

Unga ogohlantirish berilib, o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rildi, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 12 yoshga to‘lmagan bolalarni ushlab turuvchi maxsus qurilma o‘rnatilmagan transport vositasining old o‘rindig‘ida tashish taqiqlanadi. Shuningdek, tashilayotgan yo‘lovchilar soni transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘zda tutilgan miqdordan ortiq bo‘lmasligi kerak. Damas uchun bu miqdor 7 yo‘lovchini tashkil etadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasiga ko‘ra, haydovchilarning odam tashish qoidalarini buzishi bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi (150 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Oldin shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatida qayd etilgan. O‘shanda 28 nafar bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchisi Damas’da uylariga olib ketilayotgani aniqlangan. Haydovchi tegishli guvohnoma va boshqa ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan.

Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida ham to‘xtatilgan Damas avtomobilida 18 nafar yo‘lovchi — kattalar va bolalar olib ketilayotgani aniqlangan.
Surxondaryoda esa Damas avtomashinasida 25 bola tashilayotgani ma’lum bo‘lgan.